Sanitariya qoidalarini buzganlarga chora ko‘rildi
Sanitariya qoidalariga beparvolik nafaqat atrof-muhit tozaligiga, balki aholi salomatligiga ham jiddiy xavf tug‘diradi. Chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqilmasligi, hududlarning ifloslanishi va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilmasligi yuqumli kasalliklar tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shu bois Sirdaryo viloyatida bu yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi nazorat tadbirlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida Guliston shahri va Guliston tumani hududlarida o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida mahallalar, ijtimoiy ob’ektlar va aholi yashash hududlarining sanitariya holati atroflicha ko‘zdan kechirildi. Xususan, hududlarning tozaligi, maishiy chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqilishi, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi hamda obodonlashtirish ishlarining holati baholandi.
Nazorat natijalariga ko‘ra, ayrim hududlarda sanitariya talablari buzilgani aniqlandi. Qonunbuzilishlar yuzasidan amaldagi qonunchilikka muvofiq 1 nafar fuqaroga 412 ming so‘m, 1 ta tibbiyot muassasasiga 4 million 120 ming so‘m, shuningdek, sanitariya holati uchun mas’ul bo‘lgan 2 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga jami 20 million 600 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Shu tariqa jami 25 million 132 ming so‘mlik ma’muriy choralar ko‘rildi.

— Sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash va aholi salomatligini muhofaza qilish qonunchilikda belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishini talab qiladi. Sanitariya qoidalarining buzilishi, chiqindilarning tartibsiz tashlanishi va hududlarning ifloslanishi jamoat salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Shu bois viloyatning barcha shahar va tumanlarida nazorat tadbirlari muntazam davom ettiriladi. Sanitariya talablarini buzgan har qanday fuqaro, mansabdor shaxs yoki tashkilotga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida qat’iy huquqiy choralar ko‘riladi. Bu borada hech kimga imtiyoz berilmaydi, — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Sultonov.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday nazorat tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad jarima qo‘llash emas, balki sanitariya madaniyatini yuksaltirish, aholi o‘rtasida mas’uliyat hissini kuchaytirish va sog‘lom yashash muhitini ta’minlashdan iborat. Zero, ozoda hudud — sog‘lom jamiyatning eng muhim shartlaridan biridir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri