Sanitar tashkilotlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholi salomatligini ta’minlash, aholi punktlarining sanitariya va ekologik holatini yaxshilash, hududlarni sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan qamrab olish ko‘lamini kengaytirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. — dedi fraksiya rahbari X.G‘afforov. — Biroq qurilish, ishlab chiqarish hajmining ortishi va urbanizatsiya ko‘lamining kengayishi maishiy va sanoat chiqindilarining yildan-yilga ko‘payib borishiga olib kelmoqda. Chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lov intizomi past darajada. Bu esa asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida qo‘shimcha choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim soliq to‘lovchilarga 2026 yil 1 yanvarga qadar ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘ini va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lashi belgilanmoqda. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash mobaynida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi, siyosiy partiyalar fraksiyalarining fikrlari, qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolarining takliflari asosida maromiga yetkazildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA