San’at – bu mening hayotimRassom Alim Rahmatullayev bilan suhbat
Rahmatullayev Alim Maratovich 1984-yil Toshkentda tug‘ilgan. U ko‘p qirrali rassom: tasviriy san’at, grafika, dizayn, raqamli san’at, interer bezagi sohalarida faol. U Nyu-Yorkdagi “United Nation: Nations –Water –Cultures” va Londondagi Watercolour +Works on Paper Fair kabi xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etgan. Asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Rossiya, Germaniya va O‘zbekistonning xususiy kolleksiyalarida saqlanadi. Rassom Toshkentda O‘zbekiston xalq rassomi Zaynutdin Faxrutdinov qo‘lida tahsil olgan. Me’morchilik va qurilish institutida o‘qigan, dizayn sohasida uzoq yillar ishlagan. Bu yo‘l uning badiiy qarashlarini kengaytirib, hozirgi ijodida o‘z ifodasini topgan. “One more life” – “Yana bir hayot” bu Alim Maratovichning ko‘p yillardan keyingi Toshkentdagi ilk shaxsiy ko‘rgazmasi. Ko‘rgazma 2024-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tdi. Ekspozitsiyaga rassomning besh yildan ortiq vaqt davomida ishlagan, deyarli jamoatchilikka ko‘rsatmagan asarlar turkumi kiritilgan.
–Nima uchun aynan ko‘rgazmaning nomini “Yana bir hayot” - “One more life” deb nomladingiz?
–Men 15 yil oldin Samarqandga borganimda Tillakori madrasasiga kirdim. Boshimni ko‘tarib aql bovar qilmaydigan go‘zal manzarani ko‘rdim. Sehrli dumaloq portal... Bu kaleydoskop kabi harakatlanuvchi minglab mayda geometrik shakllardan tashkil topgan shift tonozi edi. Ular go‘yo tirik edilar! Oltin rangli billurdek tovlangan naqshlar bir-biri bilan suhbat qilayotgandek ko‘rindi. Yuragim jiz etib ketdi. Shunday qilib, “Boshqa hayot” metaforasi dunyoga keldi, keyinchalik u mening asarlar to‘plamimga “Yana bir hayot” nomi bo‘lib muhrlandi. Bu voqeadan keyin oradan yillar o‘tdi, men rasm chizishda davom etdim va bir kuni taqdir meni Sochi shahrining tog‘larida joylashgan “Krasnaya Polyana” deb nomlangan sehrli manzilga olib bordi.
Men koinotning kelib chiqishi, kelajakda inson munosabatlari kabi mavzularni o‘rganishni boshladim. Va tog‘larda ichimda o‘zgarish sodir bo‘lganini angladim; men boshqa odamga aylanayotgan edim. U yerda ma’nan boyiganimni sezdim. Yangi asarlar yaratish haqida o‘ylay boshladim. Men har doim yangi narsa sintez va aralashish orqali tug‘ilishiga ishonganman. Va bu asarlar uchun men Uyg‘onish davrining eng mashhur rasmlarini tahlil qilish, ularni qayta tasavvur qilish, yurakka singdirish va ularni muqarnas ob’ektivi orqali ifodalash g‘oyasini o‘yladim. Shuningdek, ushbu asarlar to‘plamida men sevgi va insoniy munosabatlar mavzusini talqin qilishga intildim.
–Asarlaringizda Uyg‘onish davri an’analari kuchli ekan-da.
–Uyg‘onish davrining buyuk namoyandalaridan Mikelanjelo, Leonardo da Vinchi, Sandro Bottichelli, Rafael Santinining kartinalari hozirgacha o‘z jozibasi bilan muxlislarni hayratga solib kelmoqda. Uyg‘onish davrida eng mashhur bo‘lgan asarlarni kuzatdim. Masalan, “Sikst Madonnasi”, “Donna Vilata”, “Madonna Belvederskaya”, “Avliyo Mixail va ajdaho”, “Shaytonni yengayotgan Arxangel”, “Mona Liza”. Men xuddi shunday yuzlab kartinalarni birma-bir, sinchiklab o‘rganib chiqdim. Milliy atlas, adraslar, urf-odatlarimiz, madaniyatimiz va naqshinkor binolarning ornamental shakllari bilan uyg‘onish davrida yaratilgan asarlarni qo‘shib asar yaratsam, degan fikr shu tarzda paydo bo‘ldi. Ikkita oqimni uyg‘unlashtirib, zamonaviy san’at - Uchinchi Renessans davriga moslab asarlar yaratdim. Ya’ni, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir jarayonining asosiy manbalari asosida asarlar yaratdim. Ushbu ko‘rgazmada shularning bir turkumi qo‘yilgan. Seriyaning boshlang‘ich nuqtasi – Muqarnas. Muqarnasning ma’nosi islom me’morchiligida keng tarqalgan, g‘oyat nozik va murakkab ornamental me’moriy elementdir. U ko‘p qirrali, gulxonali tuzilishiga ega bo‘lib, g‘orsimon hajmiy shakllardan tashkil topadi. Buxoro, Xorazm, Qo‘qon xonliklari davrida qurilgan qadimiy binolarning ustunlari, naqshinkor shakllardan iborat imoratlarni o‘z asarlarimda yanada jozibali ko‘rsatishga harakat qildim.
[gallery-30847]
–San’at siz uchun nima?
–San’at – bu mening hayotim. Hayotimni boshqacha, ya’ni san’atsiz tasavvur qilolmayman. San’at estetik ozuqa. Chindan ham san’atga bo‘lgan muhabbat insonni faqat va faqat ezguliklar sari chorlaydi. San’at insonni tarbiyalaydi. Uni yuksaklikka undaydi. Hamma gap bu olamga qanchalik oshuftalikda. Shoir lutf qilganidek, “...barcha latofatin namoyon qilib, evaziga faqat hayrat so‘raydi”.
–San’at orqali xalqimizga nimani ko‘rsatmoqchisiz?
–Nafaqat xalqimizga balki, butun dunyoga olib chiqsam deyman. San’atimiz, madaniyatimiz orqali O‘zbekistonimiz nomini ulug‘lasam, deyman. Buning uchun eng avvalo 24 soat ishlash kerak. Har qanday kasbda harakat qilish kerak. Men maktab davridan boshlab daftarimga rasm chizganman. 6-sinf o‘qiyotganimda yonimizda ishlab chiqarish kombinati bo‘lardi. Har xafta borardik. O‘sha paytda kasb tanlashni boshlaganman. Kimdir tikuvchi, kimdir naqqosh bo‘lishni istagan. Men naqqosh bo‘lishni tanlaganman. Chunki chizishga qiziqqanman. Bir yil to‘garakka bordim. Naqqoshlik san’atiga tez kirishib ketdim. Eng zo‘r o‘quvchi bo‘lganman. Shunda dadam meni tushunganlar va buni rassomchilik yo‘nalishiga berish kerak, deganlar. Tayyorgarlik ko‘rib, Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga hujjat topshirdim. Dizayn va amaliy grafika fakulteti yangi ochilgan edi. Shu fakultetga o‘qishga kirdim. Magistratura bosqichini bitirib, rassomchilik bilan shug‘ullandim. Akvarel texnikasi chet elda juda qadrli hisoblanadi. Londondagi “Akvarel + Qog‘ozga ishlaganlar” ko‘rgazmasida o‘n dona ishimdan olti donasi birinchi kundayoq sotilgan. Nyu-Yorkdagi “United Nation: Nations – Water – Cultures” suv muammosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada boshqa ishlarim sotilgan. Bular men uchun juda katta motivatsiya bo‘lgan. Keyinchalik qirqqa yaqin asarlarim sotilib ketdi.
–O‘zingizga eng yoqqan asarlaringiz haqida gapirib bersangiz?
–Men uchun hamma asarim bolamdek aziz. Chunki har bir asarimga jonimni beraman. Har bir asarim men uchun qadrli. “Bahorgi uyg‘onish”da mart oyining birinchi kunida g‘unchalarning endi-endi ochilayotgan jarayoni, sevgi-muhabbat, uyg‘onish davri aks etgan. Hayotimiz ozgina o‘zgarganda, mening nazarimda, dunyo o‘zgarib, holat boshqacha bo‘lardi. Men asarimda fantaziyaga juda keng erk beraman. Rassomchilikda “Portlash nazariyasi” degan tushuncha bor. Men “Portlash nazariyasi” olamida besh yil davomida olimdek izlanib, o‘ylab birdaniga portlab yangilik olib chiqdim, deya olaman. Asarlarimni ko‘rganlar so‘zimga ishonadi. Har bir rassomning dunyoga qarash nazariyasi bo‘ladi. Men bu asarlarga besh yil umrimni sarfladim.
Shu joyda bir voqeani aytib beraman. 2013-yilda meni Sochiga dizayner sifatida taklif qilishdi. Oilam bilan birga Sochiga ko‘chib bordik. U yerda Olimpiada bo‘ldi. Kavkaz tog‘lari orasida mo‘’jizaviy maydon bor. Manzarani ko‘rib hayron qolganman. Xuddi Shveysariya tog‘lari deysiz. O‘sha joyda to‘rt yarim yil yashadim. Eng qizig‘i, to‘rt yarim yil ichida hech qanday asar chizmaganman. Nima uchun, haligacha bilmayman. Urinib ko‘rganman, ammo o‘xshamagan. Vaholanki, hamma sharoit bor. Ustaxonam, o‘yim, lekin ishlolmaganman. Tog‘larda aylanib yuraverardim. Demak, izlangan ekanman. O‘sha paytda hech tushuna olmaganman. Manzarasi shunchalik chiroyliki, har qanday rassom ishlasa bo‘lardi, ammo men negadir tabiatni emas, balki yangilik yaratish uchun doim izlanishda bo‘lganman. Manzara betimsol, chiroyli, go‘zal ammo Toshkentga qaytgim kelardi. Tug‘ilib o‘sgan joyim, yurtimni sevaman. Toshkentda ustaxonamga kirganimda bo‘sh xolstni ko‘rib to‘satdan bir narsa miyamda yashnab ketdi. San’atni boshqacha tasavvur qila boshladim. Chizishni boshlaganimda yo‘nalishim o‘zgarganini sezdim. Fikrlashim, o‘zim o‘zgargan, boshqacha inson bo‘lib qolgandek edim. Asarlarni ishlashni boshladim. Oldingi asarlarim bilan hozirgilarni solishtirib ko‘rsam, umuman boshqacha. Besh yil rasm chizmadim lekin chizish yo‘nalishim uzgardi.
–Sizningcha, yosh avlodni tarbiyalashda san’at qanday rol o‘ynaydi?
–Menimcha eng muhim rol o‘ynaydi. Ijodiy fikrlashni rivojlantiradi. Go‘zallikni his qilishni o‘rgatadi.
–Bugun tasviriy san’atga e’tibor qanday?
–Juda zo‘r. Tasviriy san’atga katta e’tibor berilyapti. Rassomlarning galereyalari kundan kunga ko‘payib boryapti. Arxitektura yo‘nalishida katta qurilishlar bo‘lyapti. Dunyo ko‘rgan odamlarda, tadbirkorlarda borgan sari tasviriy san’atga bo‘lgan extiyoj ko‘paymoqda. O‘qimishli, ziyolilar, uyini bezatmoqchi bo‘lgan odamlar, devorga gul qog‘oz o‘rniga san’at asarini sotib olmoqda. Yillar o‘tgan sari san’at asarlarining qimmati, qadri oshib boryapti.
–Sun’iy intellekt haqidagi fikringizni bilmoqchi edim?
–Bugun dunyo o‘zgardi. Hamma sohaga sun’iy intellekt kirib keldi. Hozir yoshlar ichida sun’iy intellektga qiziquvchilar ko‘p. Rassomlikka orzumand yoshlarda bunga ixlos baland. Umuman, rassom sun’iy intellekt yordamida ayrim yumushlarni bajarishi, sun’iy intellektdan qo‘rqmasligi kerak. Baribir sun’iy intellekt qo‘l mehnatini qoplab berolmaydi. San’atda jon bo‘lishi kerak. Sun’iy intellektda u yo‘q, g‘oya yo‘q. Inson g‘oyasida reallik bor. Hozir men ham asarlarimda sun’iy intellektdan foydalanishga harakat qilaman. Ammo, rasmga yurakni, qalb qo‘rini faqat va faqat ijodkorning qo‘li bera oladi. Shu bois, sun’iy intellekt yordamida rassom maqsadiga tezroq yetishi mumkin, deb o‘ylayman. Yoshlarimiz ana shu jihatlarga e’tibor berishlarini istayman.
–Rassomlar ijodini dunyoga ko‘proq tanishtirish uchun nima qilish kerak?
–Toshkentda juda ko‘p iqtidorli rassomlar bor. Ularni yanada yuqori cho‘qqiga chiqarish uchun san’atshunoslar e’tibor qilishi kerak. Rassomlarning o‘zlari ham guruh-guruh bo‘lib intilishi kerak. Bir o‘zi yuqori cho‘qqiga chiqolmaydi. Art dillerlar, san’atshunoslar bilan ishlash kerak. Chunki rassomning ishi yaratish. Ustaxonasida faqat ijod qilishi zarur. Dunyoga chiqishi uchun marketing bo‘lishi darkor. Fikrimcha yana “art bozor” bo‘lishi lozim. San’at asarini baholaydigan joy bo‘lishi lozim. Tillaning narxi, bozori, do‘koni bor. Tasviriy san’at asariniyam san’at bozoriga olib borib, bemalol sotadigan joy bo‘lishi zarur. Marketing yetmaydi bizda. Agar san’at bozori bo‘lsa, ishlarimizni bemalol auksionga ham qo‘ysak bo‘ladi. Masalan, mening bozorim ham, ishlarimni baholovchi ekspertlar ham yo‘q. O‘zim yuragim bilan baholayman. Ishimni kolleksiya qilmoqchi bo‘lgan xaridorlarning suhbati jarayonida bahosi kelib chiqadi.
–Ommaviy madaniyat yoshlar tarbiyasiga yomon ta’sir qilyapti…
–Internet rivoji zamon talabi. Chegaralay olmaysiz. Hamma bolaning qo‘lida telefon. Uni ota-ona nazorat qilishi kerak. Agar nazorat qilsa, foydali bo‘ladi, albatta. Ommaviy madaniyat kirib kelmasa, rivojlanish ham bo‘lmaydi. O‘zimizning madaniyatimizni kuchaytirishimiz kerak. Qadriyatlarimiz, an’analarimizni saqlab qolish uchun bolaning yoshligidan ota-onasi yaxshi tarbiya bersa, kitob o‘qishga qiziqtirsa, ommaviy madaniyat xalaqit bermaydi. Yoshlikdan to‘g‘ri tarbiya berish kerak. To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
–Siz o‘zingiz qadriyatlarni qanday tushunasiz?
–Men O‘zbekistonda tug‘ilib, o‘zbek mahallasida katta bo‘lganman. Yoshligimdan o‘zbek urf-odatlarini kuzatib, osh marosimi, to‘ylarga borib, o‘zbek odob-axloqini yuragimda joylaganman. O‘zbek dasturxoni o‘zaro muomila madaniyati, ko‘chasi, uylar, arxitekturasi, bozori – hammasi menga aziz. Savdo qilayotganlarni ko‘rganda ilhomlanaman. Milliy liboslardan, atlasu, adraslardan Qadimiy Buxoro, Samarqanddagi Tillakori madrasasi, tarixiy joylar, binolar yoqadi. Buxoro Arki meni maftun qiladi. Qo‘qondagi Xudoyorxon muzeyi Buxorodagi Sitorai Mohi xosa kabi tarixiy joylarda ko‘rganlarimni asarimda ishlatganman. Geometrik chiziqlari, shakllari, ustuni, rangi meni maftun qilgan.
–Muqarnas – mayda ish. Sabr kerak.
–Kasbingizni sevsangiz sabrning o‘zi keladi. Avvalo, kasbga qiziqish kerak. Chuqur kirishish kerak, shunda sabr keladi. 4-5 soatlab nashqli chiziqlarni ishlashga kuch topasiz.
–Oilangizda rassomlar bormi?
–Mening bobom rassomlikka qiziqqan. Bir umr maktab direktori bo‘lgan. Lekin nafaqaga chiqqan kunlari uyida ustaxona yaratib, rassomchilik bilan shug‘ullangan. Hatto buyoqlari, mo‘yqalamlari menda qolib ketgan. Men 6 yoshda bo‘lganimda bobom vafot etgan. Esimda, ustaxonaga kirganimda o‘zimni xuddi ertaklar olamiga kirib qolgandek his qilardim. Har hil rangdagi bo‘yoqlar, kartinalar meni qiziqtirgan. Oilamizda boshqa rassom bo‘lgan emas.
–Qiziqarli va mazmunli suhbat uchun tashakkkur!
Munira RAMAZONOVA,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist va san’atshunos