Sanʼatidek barhayot inson...
2018-yil. Iyunning jazirama kunlari. Maqom sanʼati haqida tezkor material tayyorlash topshirigʻini olgach Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga zingʻillab chopdim.
2018-yil. Iyunning jazirama kunlari. Maqom sanʼati haqida tezkor material tayyorlash topshirigʻini olgach Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga zingʻillab chopdim. Avvaldan hech qanday qoʻngʻirogʻu ogohlantirishsiz Oʻzbekiston xalq hofizi Mahmudjon Tojiboyevni bir amallab topdim. Goʻyo Hizr buvani uchratgandek edim. Negaki, topshiriq tezkor, sanʼatkorimiz ham suhbatga rozi boʻldi.
Adashmasam, avji peshin edi. Domla juda horgʻin koʻrinardi. Maqsadimni asta tushuntirgan boʻldim.
— Kun juda qizidida, qon bosimim biroz oshganga oʻxshaydi, — dedi domla koʻzlarini yumib, peshonasini biroz silagancha. — Hozir, qizim, fikrimni biroz jamlab olay...
Domlani bunday holatda bezovta qilganimdan xijolat boʻlib, daftarimni varaqlay boshladim. Oradan bir daqiqa oʻtar-oʻtmas, milliy maqom sanʼatimizning ahamiyati, uning tobora tiklanib borayotgan maqomi, bebaho bu sanʼatning oʻziga xos masʼuliyati haqida batafsil soʻzladi. Zalvoridan choʻchibmi yo boshqa sababdanmi, maqomda oʻqib, keyin oʻzini estradaga “urgan” xonandalar haqida ham bilib olgandim oʻshanda. Mahmudjon akaning fikri gʻoyat boy, teran va tiniqligi aytayotgan soʻzlarining naqadar maʼnili ekanida zohir edi. Bu sanʼat mudom halol, rostmana, jonli ijroga tayanishi, maqom sanʼatkori uchun moddiy manfaatlardan koʻra ruhiy poklik, maʼnaviy quvvat, komillik, intizom, masʼuliyat, chinakam isteʼdod ustuvor ekanini yana-da teranroq angladim. Nodir sanʼatimizga doir yaxshigina kitob oʻqigandek boʻldim.
Toʻgʻrisi, u kishidan “Nega ogohlantirishsiz, qoʻngʻiroqsiz kelding”, “Imtihondan chiqdim”, “Charchadim, vaqtim yoʻq” kabi vajlardan, suhbatdan bosh tortishidan xavotirda edim. Ajab, ustoz sanʼatkorda kibrni, manmanlikni, osmondan kelishni uchratmadim! Vaholanki, odamiyligi, odamgarchiligi butun bu inson kezi kelganida, bir gap bilan “mixlab” qoʻyishni ham, oʻrnida gurungu askiyani ham qoyillatardi. Bir soʻzli domlaning barcha aytganlari gʻoyat ravon ekani bois suhbatni bir zarbda, oʻsha kunning oʻzida tayyorlab topshirdim.
...Baʼzan xorij seriallaridagi yetti uxlab tushimizga kirmagan aktyorlardan oʻzimiz uchun “yulduz” yasaymiz. Biroq milliy oʻzligimiz aks etgan tengsiz sanʼatimizni asrab-avaylab, bu yoʻlga umrini bagʻishlagan insonlarni, ularning ijrosini, mahoratini, mehnatu izlanishini unutgandek boʻlamiz. El boshiga ish tushgan shu kunlarda taniqli hofiz, sanʼatimiz fidoyisi, ustoz ijodkorning bu dunyoni tark etgani milliy musiqamiz ixlosmandlarining koʻnglini yana-da choʻktirdi.
Mohir sanʼatkor, Oʻzbekiston xalq hofizi Mahmudjon Tojiboyevning xotirasi umrboqiy maqom sanʼati kabi mudom barhayotdir.