Sanʼat hamjihatlikka chorlaydi
Dunyo muammosiga aylangan koronavirus pandemiyasi insoniyatni yana-da sergaklikka, ogoh boʻlishga chorladi.
Dunyo muammosiga aylangan koronavirus pandemiyasi insoniyatni yana-da sergaklikka, ogoh boʻlishga chorladi. Mashaqqatli koʻringan kundalik tashvishlaru muammolar ushbu ofatning oldida arzimas masala ekanini his qila boshladik. Mehr-shafqatli boʻlish, oqibat koʻrsatishdek insoniy tuygʻular sinovdan oʻtmoqda. Oʻzaro ginalar, nizolarni unutish, har qanday masalani hamjihatlikda hal qilishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali pandemiya boshqa davlatlarga keltirayotgan oqibatlarini kuzatib borar ekanmiz, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar oqilona qarorlar asosida yoʻlga qoʻyilganini koʻrish mumkin. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida infeksiya tarqalishining oldini olish borasida barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Pandemiya aniqlangan ilk kundan boshlab kasallik tarqalishining oldini olish borasida tadbirlar tezkor va izchil amalga oshirildi. Avvalo, barcha taʼlim muassasalari karantinga olindi. Talabalarning doimiy yashash manzillariga yetib borishi uchun barcha shart-sharoitlar yetarlicha yaratib berildi. Viloyatlar tomonidan koʻngilli tarzda avtomobillar karvonining talabalarni oʻz manzillariga yetkazib qoʻyish borasida koʻrsatgan tashabbuslari xalqimizga xos mardlik, saxovatpeshalik, bagʻrikenglik xususiyatlarini namoyon etdi.
Gap shu haqida ketar ekan, mehr-shafqat tuygʻusiga alohida toʻxtalmoqchimiz. Qon-qonimizga singib ketgan bu tuygʻu xalqimizning eng ogʻir damlarda ham oʻzligini yoʻqotmasligi, insoniy tuygʻularni barcha narsadan ustun qoʻya olishini koʻp bora isbotlagan. Bunga tarix guvoh.
Ikkinchi jahon urushining 75 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Urush paytida xalqimiz koʻrsatgan jasorat, matonat, mehr-shafqat tuygʻularini bugun hech kim inkor eta olmaydi. Toshkentlik Shoahmad Shomurodovlar, kattaqoʻrgʻonlik Hamid Samatovlar oilasining qilgan savob ishlari oʻzbek xalqining bagʻrikengligiga haykal qoʻydi.
Ne-ne ogʻir kunlarni boshidan kechirgan xalqimiz bugun yana bir marta oʻzining saxovatpeshaligini koʻrsatmoqda. “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi tashkil etilib, turli tashkilotlar, tadbirkorlar, sanʼatkorlar ushbu fondga oʻzlarining begʻaraz yordamini koʻrsatib kelmoqda. Institutimiz professor-oʻqituvchilari, ishchi-xodimlari oʻz ixtiyori bilan bir kunlik ish haqini shu fondga oʻtkazib berdi.
Institutimizda karantin davrida ham masofaviy taʼlim davom etayotganini alohida qayd etmoqchimiz. Jahon sanʼati va oʻzbek milliy sanʼati tarixiga nazar solar ekanmiz, eng ogʻir davrlarda ham sanʼat insoniyatga dalda boʻlgani, odamlarda yorugʻ kunlarga ishonch va umid uygʻotganiga guvoh boʻlamiz. Ushbu davrlarda yaratilgan asarlarning aksari madaniy merosimizning noyob durdonasiga aylangani ham bugun hech kimga sir emas.
Sanʼatning sehrli qudratini koʻrsatish, karantin paytida talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijodiy faoliyatlarini munosib ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida qator tanlovlar eʼlon qilindi. Jumladan, avval eʼlon qilingan “Besh tashabbus – besh imkoniyat”, “Mustahkam oila – yurt tayanchi” hamda “Eng faol sanʼatshunos” tanlovlariga ijodiy ishlarni qabul qilish muddati uzaytirildi.
Bundan tashqari karantin davrida talabalar uchun alohida “Uyda qol va ijod qil!” shiori ostida tanlovlar eʼlon qilindi. Mazkur tanlovlarda talabalar turli janr va texnikalar asosida rangtasvir, amaliy sanʼat asarlari, dizayn loyihalari, shuningdek, koronavirusga qarshi kurash gʻoyalari aks etgan videoroliklari bilan ishtirok etmoqda. Ushbu ijodiy ishlar “MRDI onlayn ijod” telegram kanalida eʼlon qilinmoqda. Bugungi kunga qadar onlayn tanlovlarimizga 400 dan oshiq ish kelib tushdi va bu jarayon davom etmoqda.
Institutda masofaviy taʼlim joriy etildi. Hozirda 15 kafedrada professor-oʻqituvchilar tomonidan 27 bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 15 magistratura mutaxassisligi uchun 284 fan boʻyicha elektron oʻquv resurslari ishlab chiqildi hamda institutning rasmiy veb-sayti, telegram kanali, internet saytlaridagi rasmiy sahifalariga joylashtirildi.
Shuningdek, institut ijodkor kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgani inobatga olingan holda mutaxassislik fanlari professor-oʻqituvchilar tomonidan masofaviy tarzda, yakka tartibda tashkil etilmoqda. Bunda ustozlar har bir talaba bilan alohida bogʻlanib, bajarayotgan ijodiy ishlari borasida onlayn mashgʻulot olib bormoqda. Masofaviy taʼlim jarayonlari haftalik jadvallar asosida tashkil etilgan boʻlib, talabalarning fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini onlayn savol-javoblar, testlar hamda ijodiy ishlar namoyishi orqali baholash yoʻlga qoʻyilgan.
Albatta, badiiy taʼlimning ixtisoslashgan xususiyatlarini inobatga olib masofaviy taʼlimda ham oʻziga xos pedagogik texnologiyalar qoʻllanilmoqda. Bunda, avvalo, talabalarni erkin ijodiy fikrlashga yoʻnaltirish maqsad qilingan. Shu oʻrinda masofaviy taʼlimda bugun orttirilayotgan tajribalar yaqin kelajakda masofaviy taʼlimni yana-da mukammallashtirish, kredit-modul tizimida elektron taʼlim tizimini joriy etishda ham qoʻl keladi.
Badiiy taʼlim sohasida hozirgi sharoitdagi ishlarni umumlashtirgan holda ijod davom etayotganini, yosh iqtidorlarimiz tinimsiz izlanishda ekanini ayta olamiz. Ijod davom etayotgan ekan, demak koʻngil xotirjam. Koʻngil xotirjamligi esa bugungi islohotlar natijasidir. Ijodda bahor shukuhi, yurt goʻzalligi ohanglari mavjlanar ekan, hech qanday ofat bizni yenga olmaydi.
Nodirbek Sayfullayev,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn
instituti rektori