“Samsung” xodimlari ish tashlay boshladi, aksiya keskin arzonlashdi
Janubiy Koreyaning “Samsung Electronics” kompaniyasi ishchilari kasaba uyushmasi kelasi haftaga rejalashtirilgan ish tashlash bekor qilinmasligini bildirdi. Bu qaror kompaniya rahbariyatining ish haqi bo‘yicha muzokarani hech qanday shartsiz qayta boshlash taklifiga qaramay qabul qilindi.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik ortidan dunyodagi eng yirik xotira chipi ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblangan mazkur korxona aksiyasi narxi 9,3 foiz tushib ketdi.
Hukumat vositachiligida o‘tkazilgan muloqot natija bermagach, kasaba uyushmasi 21-maydan boshlab 18 kunlik ish tashlash rejasini tasdiqladi. Xodimlar muzokaraga faqat 7-iyundan keyin tayyor bo‘lishlarini ta’kidlagan.
O‘z navbatida “Samsung Electronics” rahbariyati yuzaga kelgan vaziyat uchun jamoatchilikdan uzr so‘radi va muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida Pyongtek shahridagi ishlab chiqarish majmuasiga yo‘l oldi. Tahlilchilar fikricha, aksiya narxi pasayishi ishlab chiqarish jarayoni to‘xtab qolishi va mijozlar oldidagi majburiyat bajarilmay qolishiga olib keladi. Qolaversa, yetkazib berishdagi uzilish raqobatchilarga qo‘shimcha ustunlik beradi. Tabiiyki, AQSH va Eron o‘rtasidagi siyosiy keskinlik ham jahon bozoridagi umumiy kayfiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA