Samimiyatga, odamiylikka oshno ijodkor
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida taniqli suhandon, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Nasiba Ibrohimova ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva mamlakatimizda ijodkor ziyolilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
Nasiba Ibrohimovaning faoliyati televideniye sohasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, O‘zbekiston Milliy televideniyesining shakllanishi, uning ilk poydevori, imijida suhandonning o‘rni beqiyos.
Nasiba Ibrohimova maktabda o‘qib yurgan kezlaridanoq bolalarga mo‘ljallangan turli radioeshittirishlarda faol qatnashib yurar edi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti)ni tamomlagach, O‘zbekiston televideniyesida diktor sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Uning tiniq va jarangdor ovozi televideniye, kino dublyajidan xabardor bo‘lgan yurtdoshlarimizga yaxshi tanish. Xalqimizning sevimli suhandoni 200 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlarga ovoz bergan.

O‘tgan yillar davomida Nasiba Ibrohimova bir qator davlat boshqaruv idoralarida samarali mehnat qildi. Uning hayoti va mehnat faoliyati YUNESKO tomonidan chop etilgan "Ayollar XX asr" (Jenina XX vek) kitobiga kiritilgan. "Do‘stlik" ordeni, "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Muloqot davomida taniqli ijodkor hayoti, faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA