Sambochilarimizning Moskvadagi muvaffaqiyatlari
Rossiya poytaxti Moskva shahrida sambo bo‘yicha A.A.Xarlampiyev xotirasiga bag‘ishlangan jahon kubogida O‘zbekiston terma jamoasi 9 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Jahon kubogida vakillarimizdan Bahodir Bakiyev (jangovar sambo) va Ixtiyor Eshmurodov (sambo) o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Homidjon Mo‘minov, Dilshod Choriyev, Hakimjon Ismoilov, Husniddin Husanov, Oybek Soliyev va Sabina Davlatova kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, iste’dodli sambochimiz Sherzodbek Ismoilov jangovar sambo yo‘nalishida delegatsiyamizga bronza medalini keltirdi.
Musobaqa davomida erkaklar o‘rtasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan terma jamoamiz sambo yo‘nalishi bo‘ycha umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Jangovar sambochilarimiz esa Rossiya va Qozog‘istondan so‘ng umumjamoa hisobida uchinchi bo‘ldi.
J.Toshxo‘jayev, O‘zA