Samarqandlik yoshlar bilan uchrashuv
Samarqand shahrida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev viloyatning bir guruh yoshlari bilan uchrashdi.
Agentlik rahbari dastlab “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, samarqandlik yoshlar hayotidagi o‘zgarishlar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj yigit-qizlar, iqtidorli yoshlar, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarga e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng uchrashuv qatnashchilari agentlik direktoriga turli masalalar yuzasidan murojaat qildi. Muammolarga yechim izlandi, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi yuzasidan takliflar bildirildi.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Bekzod Burxonov oliy o‘quv yurtlarida “Ibrat Academy” klublari ochishni taklif qildi. Agentlik direktori bu tashabbusni ma’qullab, dastlab Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalarida shunday klublarni tashkil etish va keyinchalik butun respublikada joriy qilishni bildirdi.

– Agentlik direktoriga yoshlarni tadbirkorlikka tayyorlash, bunda zamonaviy uslublardan foydalanib o‘qitish bo‘yicha loyihalarni tashkil etish, o‘zim faoliyat olib borayotgan YUSAIDning biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida yosh tadbirkorlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha takliflarimni bildirdim, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Abdulaziz Suyarov. – Shuningdek, “Jadidlar” va “Uyg‘onish” kitoblari to‘plamlarini chet tillariga o‘girib, chop ettirish lozimligini aytdim. Takliflarim qo‘llab-quvvatlandi.

O‘tgan yilgi uchrashuvda yosh ijodkor Abbos Shodmonqulov “Uyg‘onish” nomli kitob chop etishda moddiy yordam so‘ragan edi. Ushbu murojaat asosida samarqandlik iqtidorli yoshlarning ijodiy ishlari jamlangan to‘plam 500 nusxada chop etildi. Uchrashuvda shu kitobning bir nusxasi Alisher Sa’dullayevga sovg‘a qilindi.
Uchrashuv davomida o‘ttizdan ortiq yoshlarning murojaatlari qayd etilib, nazoratga olindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari