Samarqandlik yosh kurashchilar g‘olib
Andijon shahridagi Universal sport majmuasida kurash bo‘yicha U-13 yosh toifasidagi kichik o‘smirlar (o‘g‘il va qiz bolalar) o‘rtasida O‘zbekiston chempionati yakuniga yetdi.
Yosh sportchilar o‘rtasida milliy kurashni rivojlantirish, iqtidorli o‘smirlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir necha kun davom etgan chempionat musobaqalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari tarkibida 700 nafarga yaqin yosh kurashchilar ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

- Chempionat o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etildi, - deydi Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov. – Ishtirokchilar bir necha vazn toifasida o‘z mahorat va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Murosasiz va qiziqarli bahslarda o‘tgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida samarqandlik yosh kurashchilar birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Surxondaryo viloyati vakillari ikkinchi, jizzaxlik kurashchilar uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Chempionatning g‘olib va sovrindorlari medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA