Samarqandlik 16 nafar shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi
Davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz qatori Samarqand viloyatida yashovchi 16 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Shu yurtda yashasangu uning fuqarosi, davlatning himoyasida ekaningni tasdiqlovchi hujjating bo‘lmasa, o‘zingni noqulay his qilasan. Ayrim huquq va vakolatlaring cheklanganidan o‘kinasan. Bu xuddi o‘z uyingda begonadek yashashga o‘xshaydi.
Samarqand viloyat hokimligida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan yurtdoshlarimizga ID-kartalarini tantanali topshirish marosimida bu fikrlar qayta-qayta ta’kidlandi.


Viloyat hokimi Adiz Boboyev Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston fuqarosi maqomini olgan hamyurtlarimizni tabriklab, bu yurtimizda inson qadri ulug‘langan islohotlar samarasi ekanligini ta’kidladi.

– Tojikistonning Panjikent tumanida tug‘ilganman va Urgut tumanidagi Chumchuqli mahallasiga kelin bo‘lib tushganman, – deydi Farida Azizova. – Shu paytgacha fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hujjati bilan yashab kelayotgan edim. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida, ellik yoshimda menga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilganidan juda xursandman. Bu men uchun oddiy hujjat emas, balki uzoq yillik orzuimning ushalishi, hayotimning yana bir quvonchli sahifasi bo‘ldi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri