Samarqandga el sevgan san’atkorlar keldi
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi oldidan Samarqand viloyati shahar va qishloqlarida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Bir haftadan buyon viloyatning olis qishloq va mahallalarida o‘tkazilayotgan bu tadbirlarda elimiz ardog‘idagi taniqli shoir va yozuvchilar, teatr va kinoaktyorlar, tajribali va yosh san’atkorlar ishtirok etayotir.
Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Payariq, Pastdarg‘om tumanlaridagi mahallalarda o‘tkazilgan shunday tadbirlarda shoir O‘ktam Mirzayor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Turg‘un Beknazarov, Uchqun Tillayev, Dilnoza Ismiyaminova, “Nihol” mukofoti sovrindori Dilso‘z, samarqandlik ijodkorlar aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, o‘z ijodlaridan ularni bahramand etdi.
– Bu yil Vatanimiz va xalqimiz hayotida unutilmas yil, – deydi shoir O‘ktam Mirzayor. – Davlatimiz mustaqillikka erishganiga o‘ttiz yil to‘lmoqda. O‘tgan davrda xalqimiz erishgan yutuqlar, yurtimizdagi yangilanish va o‘zgarishlar jarayoni bugun joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarimizning bosh mavzusi bo‘lmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasidan keyin aholi bilan bunday samimiy, ochiq muloqotlarning o‘tkazilishi xalqimizga xush kayfiyat bag‘ishlamoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA