Samarqanddagi yig‘in mintaqaviy diplomatiya uchun qanday ahamiyatga ega?
O‘n yil muqaddam Samarqandda asos solingan “C5+1” muloqot mexanizmi bugun siyosiy-diplomatik munosabatlar bilan bir qatorda, investitsiya, energetika, transport-logistika, muhim minerallar va zamonaviy texnologiyalar sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Qayd etish joizki, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi hamda “C5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi O‘zbekiston – AQSH munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqaviy sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish va istiqbolli iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surish nuqtai nazaridan muhim voqeadir.
O‘zA muxbiri mazkur tashrifning siyosiy-iqtisodiy ahamiyati, “C5+1” formatining taraqqiyoti, O‘zbekiston – Qo‘shma Shtatlar strategik sherikligining istiqbollari hamda mintaqaviy hamkorlikning yangi imkoniyatlari xususida Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i Azamat Toshev fikrlarini yozib oldi.

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ochiq, tinchliksevar va tashabbuskor tashqi siyosati natijasida Yangi O‘zbekiston, ayniqsa, Samarqand shahri jahon siyosiy xaritasining muhim markaziga aylandi.
Samarqandda “S5+1” formatida Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibining uchrashuvi, O‘zbekiston–AQSH kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi hamda Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishi o‘tkazilishi buning amaliy ifodasidir.
Ta’kidlash kerakki, “S5+1” formati o‘lkamiz uchun alohida ahamiyatga ega. Bunda Toshkent nafaqat faol ishtirokchi, balki format doirasidagi ko‘plab yo‘nalishlarning moderatoriga ham aylandi. Aynan 2015-yilda Samarqandda AQSH bilan birinchi “S5+1” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, bu muloqotning institutsional boshlanishi bo‘ldi.
So‘nggi o‘n yil ichida “S5+1” formati maslahat platformasidan energetika, savdo, atrof-muhit muhofazasi, xavfsizlik va transport o‘zaro bog‘liqligi sohalarida amaliy hamkorlikning samarali vositasi sifatida mintaqa davlatlarining AQSH bilan munosabatlardagi pozitsiyalarini muvofiqlashtirish imkonini beradigan institutga aylandi.
2023-yil 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan “S5+1” formati sifat jihatidan yangi bosqichga - davlat rahbarlari darajasiga o‘tish bo‘ldi. Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari liderlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu formatga strategik ahamiyat bergan burilish nuqtasi bo‘ldi.
Yetakchilarning Amerika ma’muriyati bilan uzoq muddatli kun tartibini birgalikda muhokama qilishga tayyorligi mintaqa davlatlari ushbu sheriklikka qanchalik katta ahamiyat qaratayotganidan dalolat beradi. Siyosiy muloqot aniq iqtisodiy mazmun bilan ham boyimoqda: aviatsiya, muhim minerallar va boshqa sohalarda kelishuvlarga erishildi, «B5+1» platformasi orqali biznesning to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorligi rivojlanmoqda. 2025-yilning noyabr oyida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ishtirokida birinchi marta Oq uyda “C5+1” sammiti bo‘lib o‘tganligi bunga yaqqol misoldir.
Uchrashuvda tomonlar butun mintaqa taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar - savdo va investitsiyaviy faollikni kuchaytirish, loyiha asosidagi hamkorlikni ilgari surish, mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, ta’lim dasturlarini kengaytirish va Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish jarayonini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan hamkorlikning qo‘shma kun tartibini ishlab chiqdilar.
Qo‘shma Shtatlar uchun “S5+1” formati strategik tranzit ahamiyatga ega va salmoqli energetika salohiyatiga ega bo‘lgan mintaqa bilan hamkorlik qilish uchun ishonchli asosga aylandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu o‘z tashabbuslarini ilgari surish, suverenitetni mustahkamlash va tashqi siyosiy aloqalarni diversifikatsiya qilish mexanizmidir.
2023-yil noyabr oyida AQSH va Markaziy Osiyo tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ilgari surish maqsadida “V5+1” biznes platformasi ishga tushirildi, 2024-yil fevral oyida esa “Muhim minerallar muloqoti” tashkil etildi. Ushbu mexanizm zamonaviy ishlab chiqarish va “yashil” texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan strategik xomashyo va nodir yer elementlarini qidirish va qayta ishlash bilan bog‘liq masalalarni hal qiladi.
AQSH-O‘zbekiston Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) va AQSH Eksport-import banki (EXIM) bilan birgalikda 100 nafardan ortiq amerikalik yirik sarmoyadorlarning V Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki hamkorlikni mustahkamlashda amaliy qadam bo‘ldi.
Bu qadamlar hamkorlikning iqtisodiy asosini mustahkamlash, mintaqaga yangi investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, yanada amaliy hamkorlikka o‘tishni aks ettiradi.
Bugungi kunda Amerika vakillari bilan erishilgan kelishuvlardan amaliy investitsiya loyihalariga o‘tish muhim hisoblanadi.
Shu bois siyosiy qiziqish, tijoriy kelishuvlar va haqiqatda kiritilgan kapitalni bir-biridan farqlash muhim. Dastlabki ikki yo‘nalish sezilarli darajada faollashdi: qo‘shma investitsiya platformasi ishga tushirildi, sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rivojlanmoqda.
Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun AQSH davlat kotibi Marko Rubio rahbarligida Amerika biznesining 300 ga yaqin vakillaridan iborat delegatsiyaning Samarqandga tashrifi uchrashuvlarning juda muhimligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston uchun “S5+1”da ishtirok etish nafaqat tashqi siyosiy muvozanat elementi, balki iqtisodiy va institutsional barqarorlikni oshirish vositasidir. Mamlakat xomashyoni qayta ishlash, “yashil” energiya ishlab chiqarish va suv resurslarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z loyihalarini formatning ustuvor yo‘nalishlariga moslashtirishga, shu orqali moliyalashtirish, texnologiyalar va yangi bozorlarga kirishni ta’minlashga intilmoqda.
Diyorimiz mintaqaviy tashabbuslarning muvofiqlashtiruvchisi sifatida barqaror rivojlanishning pragmatik kun tartibini ilgari surmoqda va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan arxitekturasida asosiy hamkor sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Mintaqamiz davlatlarining AQSH bilan energetika, transport bog‘liqligi, muhim minerallar va zamonaviy ishlab chiqarishga Amerika texnologiyalari, moliyaviy vositalari va investitsiyalarni jalb etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlash masalalarida hamkorligi strategik ahamiyatga ega.
Muhim minerallar bo‘yicha “C5+1” formatidagi muloqot 2024-yilda boshlangan bo‘lib, O‘zbekiston va AQSH mazkur sohada ilk ikki tomonlama memorandumni imzoladi. Joriy yilda mamlakatlarimiz muhim minerallar va noyob yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida yangi memorandumga erishdi.
Yaqinda Avazadagi uchrashuvda O‘zbekiston yetakchisi tomonidan ilgari surilgan Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyans tuzish tashabbusi mintaqa darajasida hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlaydi.
Ayniqsa, yurtimizning Muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish tashabbusi mintaqa resurslari haqidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish, sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari hamda infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash imkonini beradi.
Umuman olganda, “C5+1” formati o‘n yil ichida muloqot forumidan aniq loyihalarni amalga oshirishning barqaror mexanizmiga aylandi, deyish mumkin. U mintaqada tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan kelishilgan qarorlar qabul qilish maydoniga aylandi. Samarqanddagi yig‘in esa o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash, siyosiy muloqotni amaliy hamkorlik bilan boyitish hamda yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir. Eng muhimi, mazkur format Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash va mintaqaning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladigan uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga zamin yaratadi.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA