Samarqanddagi tarixiy madrasada badiiy galereya ochildi
Samarqand shahridagi tarixiy O‘samatboy madrasasida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilib, rassomlarning badiiy ijod namunalarini namoyish etish uchun galereya tashkil etildi.
Galereyaning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur ishtirok etib, mazkur maskan samarqandlik rassomlar uchun o‘ziga xos ijodxona bo‘lganini ta’kidladi.
2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan ta’mirlash ishlari davomida binoda milliy uslubdagi 2 ta ko‘rgazma zali, o‘quv xonalari, 12 ta ijodiy ustaxona tashkil etildi. Endilikda bu yerda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi a’zolari faoliyat ko‘rsatadi, o‘z ko‘rgazmalarini o‘tkazadi.
Yangi binoda shu kunlarda 70 yoshni qarshi olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Nuriddin Kalonovning “Ijod so‘qmoqlari” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

– Yangi galereya samarqandlik rassomlar uchun Navro‘zga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi, – deydi Nuriddin Kalonov. – Binoda ijod qilish va shu ijod mahsulini namoyish etish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Shogirdlarimizga saboq berishimiz ham e’tiborga olingan. Bizdan talab qilinadigan yaxshi ijod qilib, sara asarlar yaratishdir. Galereyada turli yo‘nalishlarga oid 500 dan ortiq asarlardan iborat shaxsiy ko‘rgazmam ish boshlagani ham unutilmas voqea bo‘ldi. Shu paytgacha dunyoning ko‘p mamlakatlarida shaxsiy ko‘rgazmam o‘tkazilgan, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etganman. Lekin Samarqandimizda shunday katta ko‘lamda asarlarimning namoyish etilishi chindan ham o‘zgacha bo‘lar ekan. Zotan aksariyat asarlarim shu zamindan ilhomlanib yaratilgan, ularda Samarqandning, go‘zal tabiatining tasviri aks etgan.

G‘.Hasanov, O‘zA