Samarqanddagi 166 masjidda xatmi Qur’on qilinadi
Ertadan yurtimizda muborak Ramazon oyi boshlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2023 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 23 martga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti asosida kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan ushbu qutlug‘ oyni munosib o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qarorda hokimliklar va mutasaddi idorlarga Ramazon oyini milliy an’ana hamda qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazish choralarini ko‘rish, hududlarda bu muborak oyning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan odamiylik, inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehr-saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash qaratilgan tadbirlarni tashkil etish belgilandi.
Ushbu talablardan kelib chiqib, Samarqand viloyatida ham muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rildi.

– Bugun – 22 martdan viloyatdagi barcha jome masjidlarda tarovih namozini ado etishga kirishildi, – deydi Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov. – Buning uchun masjidlarda ibodat qiluvchilarga barcha shart-sharoit yaratildi. Shuningdek, Ramazon oyida viloyatimiz bo‘yicha 166 ta masjidda Qur’on o‘qiladi. Xatmonalar O‘zbekiston musulmonlari idorasi belgilagan tartibda, ya’ni masjidlarda bir vaqtda boshlanib va bir xil tartibda o‘qilib, muborak oyning Qadr kechasida yakunlanadi.
Oy davomida mehr-muruvvat tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA.