Samarqandda yuridik litsey tashkil etiladi
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi matbuot anjumanida davlatimiz rahbarining shu yil 24 may kuni qabul qilingan “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni yuzasidan jurnalistlarga ma’lumot berildi.
– Mazkur farmon bilan Adliya vazirligining 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishi belgilandi, – dedi Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorov. – Ya’ni aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish, joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish hamda davlat organlari va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatib borishdir.
Shuningdek, adliya bo‘limlariga 6 ta yangi vazifa yuklatilmoqda. Unga ko‘ra, aholi muammolarini o‘rganish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlari o‘tkaziladi, kamida ikki marta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqiladi. “Online-mahalla” platformasi orqali huquqiy masalalarga oid muammolar hal etib boriladi. Aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi va ularga huquqiy tushuntirish berish yo‘lga qo‘yiladi. Yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan xabardor qilib boriladi. Tuman (shahar) tashkilotlari hamda mahalla idoralariga yagona huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatiladi.
Farmonda bosqichma-bosqich 135 tuman (shahar)da “Madad” nodavlat notijorat tashkilotining huquqiy maslahat byurolari tashkil qilinishi belgilangan. Ayni paytda viloyatimizning 12 tuman va shahrida shunday maskanlar tashkil etilgan. Yaqin orada boshqa hududlarda ham byurolar ish boshlaydi.
Yana bir muhim yangilik – “Mahalla huquqshunosi” loyihasi joriy qilinib, mahalla raislarining huquqiy bilim va ko‘nikmalari oshiriladi. Mahallalarda haftaning chorshanba kuni “Huquqiy targ‘ibot kuni” o‘tkaziladi.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qulayliklar yaratilib, 13 ta davlat xizmatlari DXM va Yagona portal orqali ko‘rsatiladi. Mamlakatimizda ilk bor xususiy sektor vakillariga 15 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish huquqi beriladi.
Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha Namangan va Samarqand shaharlarida yuridik litseylar tashkil etiladi. 2080 ta maktabda “Huquq sinfi” va huquq fani chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab – litsey – texnikum – universitet” tizimi joriy etiladi.
– Yuridik litsey Samarqand yuridik texnikumi negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseyi tarzida tashkil etiladi, – deydi Samarqand yuridik texnikumi direktori Oybek Shirinov. – Litseyga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinfini bitirgan o‘quvchilar imtihon asosida qabul qilinadi va ualarga yuridik ta’lim chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi.
Matbuot anjumani davomida adliya boshqarmasi mas’ullari ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari