Samarqandda o‘tayotgan Jahon sammiti 70 dan ortiq xorijiy OAV tomonidan yoritilmoqda
Samarqand shahrida “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” mavzusidagi Jahon sammiti davom etmoqda.
Nufuzli xalqaro anjumanda bolalar farovonligini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi imkoniyatlarni kengaytirish hamda kelajak avlod uchun munosib shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Sammit dunyoning 70 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan keng yoritilmoqda. Xalqaro axborot agentliklari, telekanallar va boshqa media vakillari anjuman jarayonlari, muhokama etilayotgan masalalar hamda ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida jahon jamoatchiligiga axborot yetkazmoqda.
[gallery-32091]
Jurnalistlarning samarali faoliyat yuritishi uchun maxsus matbuot markazi tashkil etilgan. Bu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari sammitga oid yangiliklarni tezkor yoritish, axborot materiallari tayyorlash va tarqatish imkoniyatiga ega.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA