Samarqandda BAA va Misr shaxmat federatsiyalari o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi
WAM axborot agentligi yozishicha, Samarqand shahrida o‘tayotgan Jahon shaxmat olimpiadasi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari va Misr shaxmat federatsiyalari o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzildi.
Ushbu kelishuv ikki mamlakat hakamlari o‘rtasida tajriba almashish, o‘zaro mahorat oshirish va har ikki tomon mutaxassislariga turli musobaqalarda hakamlik qilish imkonini yaratishga qaratilgan. Hujjatni BAA Shaxmat federatsiyasi Hakamlar qo‘mitasi raisi Said Al-Huriy va Misr Shaxmat federatsiyasi bosh nazoratchisi Karim Vojih imzoladi.
Marosimda BAA SHF bosh kotibi Abdulla Hasan hamda Misr SHF vitse-prezidenti Jorj Samir ham ishtirok etdi. Endi amirlik hakamlari joriy yil dekabr oyida Qohirada bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatida o‘yinlarni boshqarish hamda qimmatli tajriba orttirish imkoniga ega bo‘ladi.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA