Samarqandda Ahmad Yassaviy maqbarasiga doir ko‘rgazma
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Samoviy koshinlar siri” ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Qozog‘istonning Samarqanddagi Bosh konsulligi hamda Hazrati Sulton milliy muzey-qo‘riqxonasi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasining epigrafik bezaklari va noyob eksponatlar namoyish etildi.

Sohibqiron Amir Temur rahbarligi va homiyligida bunyod etilgan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi Turkiston shahridagi o‘rta asr me’morchiligining betakror yodgorligi hisoblanadi. So‘fiylik tariqatining asoschisi Ahmad Yassaviy sharafiga bunyod etilgan maqbara YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Qozog‘istondagi birinchi ob’ektdir.

Ko‘rgazmaning ochilishida Qozog‘istonning Samarqanddagi Bosh konsuli Talgat Sharipov, Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari va faollar, muzeyshunoslar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Ahmad Yassaviy maqbarasidagi hikmatlar va epigrafik bezaklar faqat badiiy jihatdan emas, balki insonni tafakkurga chorlaydigan, uni ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan muhim manbalar, – deydi Qozog‘istondagi Hazrati Sulton milliy muzey-qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari Ahmed Sisenbay. – Ushbu yodgorlik turkiy xalqlarning umumiy tarixiy ildizlari va madaniy mushtarakligini yaqqol namoyon etadi. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi. Shu bois bu bebaho merosni birgalikda o‘rganish, tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish ishlarini davom ettirishimiz zarur.

Ko‘rgazma doirasida sulton saroyining ko‘rinishi, maqbara qurilishida ishlatilgan g‘ishtning asl namunasi, Sohibqiron tomonidan saroyga hadya qilingan tug‘ning nusxasi va boshqa noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari