Samarqandda 900 nafarga yaqin bemor bepul davolandi
Samarqandda aholiga kafolatlangan va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida joriy etilayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining afzalliklari va bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari Samarqand viloyatidagi tibbiyot muassasalarida bo‘lib, mazkur tizim asosida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
– Tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy qilinib, imtiyozli toifadagi shaxslar tibbiyot muassasalarida bepul davolanmoqda, yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilmoqda, – deydi davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi axborot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva. – Jumladan, 2025-yilda jamg‘arma tomonidan yurtimizdagi 155 ta tibbiyot muassasasida elektron yo‘llanma asosida davolangan 101 ming nafardan ziyod shaxslarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun to‘lovlar amalga oshirildi. Ana shu 101 ming nafar bemorning qariyb 8 ming nafari Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, o‘tgan yil 7 ming 600 nafardan ko‘proq bemor davlat tibbiyot muassasalarida, qariyb 200 nafari xususiy klinikalarda davolandi. Amalga oshirilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari uchun jamg‘armamiz 127 milliard so‘m mablag‘ni qoplab berdi. Joriy yilning 1-mart holatiga ko‘ra, viloyatda imtiyozli yo‘llanma asosida davolangan 875 nafar bemor uchun 11 milliard so‘m to‘landi.
Shuningdek, yangi tizimda reimbursatsiya dasturi asosida 12 ta kasallik guruhi, jumladan, arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma va boshqa kasalliklar qamrab olingan bo‘lib, bu toifadagi bemorlarga 28 turdagi dori vositalari ambulator sharoitda bepul berilmoqda. 2025-yilda ushbu dastur doirasida 1 million 314 ming nafar bemor dori vositalari bilan ta’minlandi va buning uchun 90,9 milliard so‘m mablag‘ dorixonalarga qoplab berildi.
Press-tur ishtirokchilari Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi asosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Shifoxonamizda o‘tgan yil davlat tibbiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan 1600 dan ortiq bemor davolandi va ularning aksariyatida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi, – deydi respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Bekzod Qurbonov. – Bu yil boshidan buyon esa yuragida nuqson bo‘lgan 400 nafardan ortiq bemor jamg‘arma mablag‘lari asosida operatsiya qilinib, salomatligini tikladi. Yangi tizim yillar davomida xastalikdan qiynalib, moddiy imkoniyati yo‘qligi sababli davolana olmayotgan kishilar uchun juda qulay bo‘ldi. Ular o‘zlari yashab turgan joydagi birlamchi tibbiy muassasalar yo‘llanmasi asosida viloyat yoki respublika darajasidagi shifoxonalarda davolanmoqda va buning uchun ketadigan sarf-xarajatlar davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasidan to‘lab berilmoqda.
– Bundan to‘rt yil oldin mikroinfarkt o‘tkazganman, lekin buni o‘zim bilmaganman, – deydi Nurobod tumanida yashovchi Bahrom Boboqulov. – Keyinchalik bu haqda aytishdi va yuragimning bitta klapani ishlamayotgani sababli operatsiya qilish kerakligini bildirishgandi. So‘rab-surishtirsam, buning uchun 100 million so‘m atrofida mablag‘ zarur ekan. Bunga imkoniyatim bo‘lmagani uchun hatto mol-hol, mashinamizni ham sotishga tayyor edik. Keyin davlat tibbiy sug‘urtasi haqida eshitib, oilaviy vrachimiz tavsiyasi bilan yo‘llanma olib, viloyat kardiologiya shifoxonasiga keldim. Hozir tekshiruvlardan o‘tyapman, bir-ikki kunda operatsiya qilishadi. Bu oilamiz uchun juda katta moddiy ko‘mak bo‘ldi, davlatimizga rahmat.
Press-tur davomida davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mas’ullari yangi tizimni yo‘lga qo‘yishda yuzaga kelayotgan ayrim kamchiliklar, xususan, aholi xabardorligini oshirish borasida targ‘ibot ishlarini olib borish zarurligini ta’kidladi, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari