Samarqandda 59-marta xatmi qurʼon oʻqildi
Shuningdek, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamda tuman, shaharlardagi masjidlar hisobidan qoʻy, mol va boshqa jonliqlar soʻyildi.
Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi ulamolar kengashining karantin davrida osoyishtalikni saqlash va inson sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadida oʻrnatilgan tartib-qoidalarga qatʼiy rioya qilishga chaqirigʻi asosida Samarqand viloyati imom-xatiblari ham koronavirus tarqalishining oldini olishga hissa qoʻshmoqda.
Joriy yilning 20-mart kuni viloyatdagi barcha – 285 ta masjid imom-xatiblari va imom-noiblari tomonidan 123 900 marotabadan “Solatan tunajjino” va “Solatan noriya”, 119714 marotaba “Hasbunallohu va niʼmal vakil” duolari hamda 1254 marotabadan “Fotiha” va “Ixlos” suralari va 59 ta xatmi qurʼon oʻqilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamda tuman, shaharlardagi masjidlar hisobidan qoʻy, mol va boshqa jonliqlar soʻyildi. Ushbu jonliqlarning goʻshti hamda 150 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari mahallalardagi kam taʼminlangan, yordamga muhtoj 450 ta xonadonga hadya qilindi.
Ayni paytda esa Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov boshchiligidagi 32 nafar ulamolar hamda tajribali imom-xatiblar Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarining toʻliq mutolaasi (xatmi Buxoriy)ni ado etmoqda.
Bugun, 24-mart kuni samarqandlik imom-xatiblar aholiga tibbiy niqoblar tarqatdi, tozalik, gigiyena qoidalariga rioya qilish yuzasidan aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib bordi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalarga muruvvat yordamlari koʻrsatildi.