Samarqandda 194 ta mahalla binosi quriladi
Samarqand viloyatidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnika bazasini mustahkamalash masalasi muhokama etilgan yig‘ilishda viloyat hokimi ayni paytda 86 ta mahalla o‘z binosiga ega emasligi, 40 ta mahalla bir xonali, 177 ta mahalla 2 xonali binoda faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidlangan edi.
– To‘g‘ri, bugun viloyatimizda mavjud 1123 ta mahalla fuqarolar yig‘inining barchasi ham talabga javob beradigan binoga emas, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov.

– Tuman hokimliklari bilan hamkorlikda bunday fuqarolar yig‘inlari uchun yangi binolar qurish, qulay sharoitga ega binolarga ko‘chirish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Viloyatimiz hokimi boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng, qayta xatlov o‘tkazib, aksariyat mahallalardagi kamchiliklar bartaraf etildi. Fevral oyining o‘zida 29 ta mahalla yangi binoga ko‘chib o‘tdi. Mart oyida yana 34 ta zamonaviy mahalla markazlari foydalanishga topshiriladi. Umuman, bu yil viloyatimizda 194 ta mahalla binosi qurish rejalashtirilgan.

O‘tgan shanba kuni viloyatning olis hududi – Qo‘shrabotda beshta mahalla markazi foydalanishga topshirildi. Pichot, Mustaqillik, Shova, Qovunchi va Namuna mahallalarida byudjet mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan binolarda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori uchun alohida xona va zarur sharoitlar yaratilgan. Yangi binolarning ochilish tadbirlarida keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi va mahalla markazlarida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

G‘.HASANOV, O‘zA