Samarqand – yangi iste’dodlar kashf etiladigan manzil
Samarqandda “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarining tanlov dasturi yakunlandi.
“Sharq taronalari – 2019”
Samarqandda “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarining tanlov dasturi yakunlandi.
O‘zA muxbiri festival mehmonlarining fikrlari bilan qiziqdi.
Kuo Li MIN, fetival mehmoni (AQSh):
– Bu yilgi festival ssenariysi, ishtirokchilar ko‘pligi, dasturning mazmunan boyitilgani bilan ajralib turdi. Ijrochilar o‘rtasida yoshlarning ko‘pligi, raqslarning rang-barangligi e’tiborga molik.
Tadbir ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoev nutq so‘zladi va musiqa san’atini ommalashtirish istagida bo‘lgan iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bu O‘zbekistonda san’at va madaniyatga bo‘lgan yuksak e’tibordan darak.
Ishtirokchilar chiqishlarida o‘z davlatlari tarixiy kuy-qo‘shiqlari, urf-odatlaridan namunalar ijro etdi.
O‘zbekistonlik yosh iste’dod egasi Mehrinigor Abdurashidova tomonidan ijro etilgan “Rohatijon” musiqasi menga manzur bo‘ldi.
Sharq xalqlari madaniyati, tarixiga qiziqishim yuqori. Bundan bir necha yil muqaddam Markaziy Osiyo haqida kitob yozgan edim. Unda O‘zbekiston madaniyati, tarixi, urf-odatlari haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xitoy tilida nashr etilgan “Buyuk ipak yo‘lining yuragi – O‘zbekiston” nomli kitobim esa bevosita O‘zbekistonga bag‘ishlangan. Hozirgi kunda kitobni ingliz tiliga tarjima qilyapman. “Sharq taronalari“ festivalida olgan taassurotlarim ushbu kitobni mazmunan boyitishga xizmat qiladi.
Minna HUSKONEN, festival mehmoni (Finlandiya):
– Musiqa sohasida menejer sifatidagi yigirma yillik faoliyatim doirasida ko‘plab musiqiy guruhlar bilan hamkorlik qilganman. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, yangi iste’dod egalari ana shunday musiqa festivallarida kashf etiladi.
Xalqaro festivallarning birida o‘zbekistonlik sozandayu xonandalarning chiqishlariga guvoh bo‘ldim. Ular ijro uslubi va mahorati meni o‘zbek kuy-qo‘shiqlarini yaqindan o‘rganishga undadi. “Sharq taronalari“ga kelishimga ham ayni shu qiziqish sabab bo‘ldi.
Tanlov dasturi uch kun davom etdi. Unda ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar zavqi men tuygan eng yoqimli hislardan.
“Hatan” musiqiy jamoasi Yevropada ijod qilayotgan mo‘g‘ulistonlik yagona xotin-qizlar guruhi ekan. Jamoa tanlovda mashhur mo‘g‘ul milliy qo‘shiqlarini cholg‘u asboblari jo‘rligida kuyladi. Menga manzur bo‘ldi. Ularning kuyni bo‘g‘izda ijro etish mahorati tahsinga loyiq.
Bugun tanlov natijalari e’lon qilinadi. Registon maydoni, “Sharq taronalari” yana bir karra g‘oliblar va mahorat sohiblarining zafarli odimlari sari pillapoya bo‘lib xizmat qiladi. Yangi iste’dodlar kashf etiladigan manzil bo‘lib qoladi.