Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida sohani raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilishiga qaramay, ayrim o‘rinlarda manfaatlar to‘qnashuvi, elektr energiyasi iste’molchilari bilan munosabatlarda maishiy korrupsiya holatlariga hamda mablag‘lardan samarasiz foydalanilishiga yo‘l qo‘yilgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha bunday holatlarga barham berish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, filial rahbarlariga topshiriq va taqdimnomalar berilgan.

***
Viloyat turizm boshqarmasida Malayziyadan tashrif buyurgan turizm sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda qo‘shma turistik loyihalarni amalga oshirish va investitsion hamkorlik, ziyorat turizmi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi. Malayziyalik mehmonlar Samarqandning turizm salohiyatini yuqori baholab, keyingi yillarda Malayziyadan ushbu shaharga keluvchi sayyohlar ko‘payganini ta’kidladi.

***
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Ozarbayjon san’ati va adabiyoti kunlari” doirasida o‘tkazilgan tadbirda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan kutubxonaga qimmatli adabiyotlar to‘plami topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan ikki davlat ijodkorlari ushbu ezgu tashabbus o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy aloqalar va adabiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

***
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 34 yilligi munosabati bilan “Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida o‘tkazilayotgan vatanparvarlik oyligi munosabati bilan tashkil etilgan “Vatanparvarlik karvoni”ning navbatdagi manzili Payariq tumani bo‘ldi.
Tumandagi 80-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda milliy armiyamizdagi islohotlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari davlat tomonidan ijtimoiy muhofaza qilinishi va qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida so‘z yuritildi.
Maktab hovlisida harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri