Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) mutaxassislaridan iborat delegatsiya Samarqandda bo‘lib, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali faoliyati bilan tanishdi. Hamkorlikda kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
– Davlat boshqaruvida kadrlarni o‘qitish va malakasinini oshirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish maqsadga muvofiq, – deydi KOISA bosh qarorgohi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Choy Xe Jeong. – Buning uchun, avvalo, hududlar doirasida ma’lum bir o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va shunga mos sharoit yaratish kerak. Bizda kadrlarni o‘qitish raqamlashtirilgan bo‘lib, zamonaviy platformalar, sun’iy intellekt orqali onlayn kurslar tashkil etilgan. Bu boradagi tajribamizni mamlakatingizda ham joriy qilish, loyihalar ishlab chiqish, sohadagi muammo va kamchiliklarga yechim topish borasida mutaxassislar bilan fikr almashdik.

***
Xizmat safari bilan Xitoyning Sian shahrida bo‘lib turgan Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov boshchiligidagi delegatsiya 5-G‘arbiy raqamli iqtisodiyot ko‘rgazmasining ochilishida ishtirok etdi.
Yigirmadan ortiq shaharlar rahbarlari ishtirok etgan ko‘rgazmada F.Umarov Samarqand shahri va uning iqtisodiy salohiyati, investitsiya muhiti haqida taqdimot o‘tkazdi.

***
Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialiga Xitoydagi Nankin politexnika instituti bilan tuzilgan hamkorlik memorandumiga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan 2+2 asosida qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Filialning kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari talabalari ta’limning ikki yilini Nankin politexnika institutida davom ettiradi. Oliy ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli bitirgan talabalar universitet va institut diplomiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, filial professor-o‘qituvchilari ham Nankinda malaka oshadi. Filialda professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun xitoy tili kurslari tashkil qilinadi.
Nankin politexnika instituti professorlari Tu Jiye hamda Xu Jiuchun Kattaqo‘rg‘onda bo‘lib, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarni filial rahbarlari bilan muhokama qildi.

***
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Yoshlar forumi-2024” tadbiri doirasida shahardagi “Ishga marhamat” monomarkazida yoshlar ishtirokida “Kasblar tanlovi” o‘tkazildi.
Unda kasb-hunarga o‘qitish markazlari, kollej va texnikumlar yoshlari ishtirok etib, egallayotgan mutaxassisligi bo‘yicha mahoratini oshirdi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri