Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bir guruh xitoylik tadbirkorlarni qabul qildi.
Uchrashuvda energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda yashil energetika, mini GESlar qurish, butlovchi qismlar tayyorlash, konditsioner va muzlatkichlar uchun kompressorlarni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Chin o‘lkasi ishbilarmonlari Samarqand iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi.

***
Samarqand shahrida O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi va Samarqand viloyat sudlari tomonidan “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Tadbirda Sudyalar assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, Samarqand viloyati sudi raisi Olim Hayitov so‘zga chiqib, sudya o‘z xatti-harakatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, shu orqali fuqarolarda sudga, sudyaga nisbatan hurmat hissini uyg‘ota olishi lozimligini ta’kidladi. “Uch avlod uchrashuvi”ning asosiy maqsadi o‘z kasbidan bilimi, halolligi, adolatliligi bilan e’zoz topgan faxriylar hayot yo‘lini ibrat qilib ko‘rsatish, ular bilan jonli muloqot tashkil qilish orqali yoshlarni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirish ekanligini misollar bilan izohlab berdi.
Sud faxriylari uzoq yillik ish faoliyati davomida orttirgan bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

***
25 noyabrdan Samarqand shahrida jamoat transportidan foydalanuvchi imtiyozli toifaga kiruvchi yo‘lovchilar – maktab o‘quvchilari, talabalar va pensiyadagi shaxslarga ijtimoiy kartalar orqali imtiyozli yo‘l haqi to‘lov tizimi joriy etildi.
Ushbu toifadagi yo‘lovchilar ijtimoiy kartalarni ellik foiz imtiyoz bilan (140 ming so‘m o‘rniga 70 ming so‘mga) xarid qilib, bir oy davomida shahar jamoat transportidan foydalanishi mumkin.

***
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Samarqand viloyatida voleybol bo‘yicha ichki ishlar vaziri kubogi respublika final bosqichi “C” liga qizlar bahslari bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, 16-21 yosh toifasida Samarqand viloyati jamoasi, 22-30 yosh toifasida Farg‘ona viloyati jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri