Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand shahrida jamoat transporti jozibadorligini oshirish hamda yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida “Dilshodtransservis” MCHJ tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 10 ta yangi avtobus olib kelindi. Bu avtobuslar shahardagi yangi yo‘nalishlarga qo‘yilishi kutilmoqda.


Jamiyat ta’sischisi A.Ahmedovning ma’lum qilishicha, tez orada Xitoydan yana 20 ta shunday avtobus keltiriladi.
***
Viloyat prokurori M.Eshnazarovning Ishtixon tumani Mirishkor mahallasida o‘tkazgan sayyor qabulida o‘ndan ortiq fuqaroning murojaati eshitilib, ijobiy hal etildi.

Shundan so‘ng viloyat prokurori tumanning Qiyot mahallasida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish masalalarini mutasaddilar ishtirokida muhokama qildi.
Ishtixon tumanidagi Ko‘ktepa hamda Beshkapa mahallalarida ikkita davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochildi.
***
Qo‘shrabot tumani Do‘stlik mahallasidagi Boqi Chig‘atoy qishlog‘iga olib boruvchi yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi.

Umumiy qiymati 1 milliard 164 million so‘mlik ko‘prikning uzunligi 30 metr, eni 7 metrni tashkil qiladi. Ko‘prikda transport vositalari va piyodalar uchun yo‘lak tashkil etilgan.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri