Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand shahar hokimligining ma’lum qilishicha, “Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida bahorgi mavsumda 550 ming tup turli xil daraxt ko‘chatlari ekish ko‘zda tutilgan.

Mazkur harakat doirasida bugun Qorasuv maskanida yashil maydonlarni ko‘paytirish va bog‘ yaratish maqsadida shahar hokimligi va korxona, tashkilotlar tomonidan uch ming tup ko‘chat o‘tqazildi. Kun davomida shaharning boshqa hududlarida ham 10 mingta ko‘chat ekish ko‘zda tutilgan.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etilgan 400 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. 22 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga qurilgan to‘rt qavatli binoda 128 ta xona, 4 ta oshxona, kutubxona, madaniyat maskani mavjud. Xonalar zarur jihoz va vositalar bilan ta’minlangan va talabalar uchun juda qulay hisoblanadi.

Turar joyning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari R.Karimov, TATU rektori Baxtiyor Mahkamov ishtirok etdi.

Profilaktik hisobda turgan hamda tarbiyasi og‘ir yoshlar qalbida harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va ularni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Jasorat maktabi” loyihasi doirasida Samarqand shahridagi Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi binosida navbatdagi o‘quv yig‘ini boshlandi. Unda Samarqand viloyatining barcha shahar va tumanlaridan kelgan 100 nafar yoshlar ishtirok etmoqda.
Yig‘inda yoshlar uchun malakali mutaxassislar tomonidan kasb-hunar va tadbirkorlik sirlarini o‘rgatish bo‘yicha motivatsion treninglar, mahorat darslari tashkil etiladi. Shuningdek, psixologik mashg‘ulotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, saf va jangovar tayyorgarlik ko‘rigi, kinofilmlar namoyishi hamda Samarqand shahriga sayohat qilish ko‘zda tutilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA