Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Payariqda tumanlararo perinatal markaz ish boshladi
Tuman markaziy shifoxonasi tug‘ruq majmuasi negizida mahalliy byudjetdan 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, amalga oshirilgan qurilish-rekonstruksiya ishlari natijasida 175 o‘rinli perinatal markaz tashkil etildi.
Ushbu markaz nafaqat payariqliklar, balki, Qo‘shrabot, Ishtixon va Oqdaryo tumanlari aholisiga ham yuqori sifatli, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Markaz belgilangan talablarga muvofiq zamonaviy tibbiy-asbob uskunalar bilan jihozlandi va kadrlar malakasi oshirildi.
Ushbu hafta boshida Urgut tumanida ham 150 o‘rinli perinatal markaz faoliyat boshlagan edi.

Ehtiyojmand oilalarga gaz ballonlari berildi
Urgut tumani mahallalarida “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turadigan boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli ravishda maishiy gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. O‘tgan yil mazkur toifaga kiruvchi 300 ta oila maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlangan. Joriy yil boshidan buyon 35 oila ana shunday imkoniyatdan bahramand bo‘ldi.

“Urguttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan bugun tuman prokurori boshchiligidagi ikkinchi sektorga qarashli Qorabuloq mahallasidagi 10 ta ehtiyojmand oilaga yangi maishiy gaz ballonlari topshirildi. Ballonlarni har 45 kunda to‘ldirib berish bo‘yicha karta va tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA