Samarqand viloyati hokimining kubogini suvchilar oldi
Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda sportning ommaviyligini oshirish maqsadida 6-16 noyabr kunlari mini futbol bo‘yicha “Viloyat hokimi kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi davlat idoralari va tashkilotlari xodimlaridan iborat 24 jamoa g‘oliblik uchun kurashdi.
Olimpiya tizimi asosida o‘tkazilgan musobaqa finalida “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi jamoalari maydonga tushdi. Shiddatli kechgan o‘yinda suvchilarning qo‘li baland keldi va ular viloyat hokimi kubogiga ega chiqdi. Musobaqaning sovrinli uchinchi o‘rini Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

G‘.HASANOV, O‘zA