Samarqand va Gaziantep shaharlari hamkor bo‘ldi
Turkiya Respublikasi mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Vedat Ishikxan boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Mehmonlar dastlab Samarqand shahridagi Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) shafeligida tashkil etilgan Xalqaro turizm akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Akademiyada tayyorlanadigan mutaxassislar, yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Shu yerda Samarqand viloyati rasmiylari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi. Muloqot yakunida Samarqand va Gaziantep shaharlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
[gallery-23246]
– Samarqand va Gaziantep shaharlarning o‘zaro bog‘liq tomonlari juda ko‘p, – deydi Gaziantep shahri hokimi Fatima Shahin. – Ikkala shahar ham Buyuk ipak yo‘lining eng muhim nuqtalaridan hisoblanadi. Gaziantep Samarqand kabi tarixiy shahar bo‘lib, turizm sohasida mamlakatda muhim o‘rin tutadi. Shahrimiz Yevropa yashil shaharlari orasida o‘z o‘rniga ega. Samarqandga kelib birinchi e’tibor qaratgan jihatim aynan yashillik darajasi bo‘ldi. Bu ikki shahar o‘rtasida hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi tomonlar uchun birdek manfaatli bo‘ladi. Bugun Samarqand shahri hokimi Fazliddin Umarov bilan shaharlarimiz o‘rtasida ta’lim, tibbiyot, turizm yo‘nalishlarida istiqbolli hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha bitim imzoladik. O‘ylaymanki, bu hamkorligimiz kelgusida yanada rivojlanib, barcha sohalarda uzviy aloqalar o‘rnatilishiga xizmat qiladi. Tarixan bir bo‘lgan xalqlarimizning yanada yaqinulashuvini ta’minlaydi.
Delegatsiya Samarqanddagi Turkiya Bosh konsulxonasiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Shundan so‘ng Imom Buxoriy majmuasi va shahardagi tarixiy-madaniy yorgorliklar ziyorat qilindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari