Samarqand – turkiy tamaddunning qadimiy beshigi
Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mazkur yig‘ilishda ishtirok etish uchun Samarqandga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban yetib keldi.
Shuningdek, sammitda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 noyabrda tashkilotga a’zo davlatlar yetakchilari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlikni kengaytirish va ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Faol ishbilarmonlik aloqalari samarali natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sanoat, kimyo tarmog‘i, farmatsevtika, bank-moliya, transport hamda logistika sohalarida va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mexanizmlar yaratish ishlarini tezlashtirishga kelishib olindi.
Gumanitar almashinuv dasturlarini, eng avvalo, ta’lim, madaniyat va kinematografiya sohalarida faol davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining tadbirlarga boy dasturi doirasidagi ikkinchi uchrashuvini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan o‘tkazdi.

Uchrashuvda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarning kengayib borayotgani o‘zbek va ozar xalqlarining azaliy do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ikki mamlakat yetakchilari avtomobil sanoati, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo va neft-kimyo tarmoqlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikning aniq loyihalarini tezlashtirishga intilishlarini bildirdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Ikki davlat rahbarlari yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikda amalga oshiriladigan yangi loyihalar, sanoat kooperatsiyasi dasturlarini tezlashtirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish ortishida samarali transport-logistika tizimini ta’minlash masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlandi.
Turkiy davlatlarning Samarqand sammiti doirasida mazkur mukofotni topshirish marosimi bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, ikki mamlakat rahbarining ham Imom Buxoriy hazratlariga hurmati juda yuqori. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan alloma maqbarasi yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis maktabi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari bu haqda 2017 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida aytganida, Turkiya Prezidenti «bu yuksak minbardan Imom Buxoriy hazratlarining mo‘’tabar nomi birinchi marta yangradi» deya mamnun bo‘lgan edi.
Bu yil Prezidentimiz taklifiga ko‘ra, O‘zbekistonning «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni ta’sis etildi. Bu mukofot bilan ilm-ma’rifatni rivojlantirish, islom olami mutafakkirlari merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishdagi alohida xizmatlari uchun olimlar, tadqiqotchilar, adiblar, shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari taqdirlanadi.
– Ushbu oliy orden Sizning islom ma’rifatini keng yoyish, dunë miqyosida musulmonlarning manfaatlarini himoya qilish va birdamligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni qaror toptirish, yoshlarni ezgulik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ulkan xizmatlaringizning munosib e’tirofidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev marosimda.
Rejep Tayyip Erdog‘anga mukofotni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirdi.
Turkiya Prezidenti buyuk muhaddis nomidagi ordenni olishdan benihoyat mamnun ekanini bildirdi.

– Hadis va fiqh ilmining cho‘qqisi bo‘lgan Imom Buxoriy nomidagi bu qimmatli mukofotni olishdan ulkan sharaf va g‘urur tuyaman. Shavkat Mirziyoyevni ilk tanigan paytlarimdan buyon Imom Buxoriy merosidan namunalar keltirib so‘zlagani uchun menda qardoshimga farqli bir hurmat-muhabbat paydo bo‘lgan. Uning sa’y-harakatlari bilan Samarqandda ilm dargohlari qurildi, Turkiya va O‘zbekiston olimlari yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bu ordenni xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy va abadiy qardoshlikning, hamma sohada rivojlanib borayotgan munosabatlarimizning kuchli ramzi sifatida qabul qilaman. O‘zim va millatim nomidan bu yuksak e’tibor uchun O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman, – dedi Rejep Tayyip Erdog‘an.
Kechki payt Turkiy davlatlar yetakchilari “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasiga tashrif buyurdi.

Bu yerda oliy martabali mehmonlarning tashrifi sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan qabul marosimi o‘tkazildi.
Samimiy muloqotda Samarqand turkiy tamaddunning qadimiy beshiklaridan biri bo‘lgani, bugun xalqaro forumlar markaziga aylanib borayotgani ta’kidlandi.
Turkiy millatlarning qadim madaniyati, umumiy an’ana va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan konsert dasturi namoyish etildi.
Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasidagi asosiy tadbirlar 11 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tkazilayotgan sammit kun tartibidan iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar, transport, innovatsiyalar, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, Tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan.
Sammit doirasida o‘ndan ortiq hujjat imzolanishi rejalashtirilgan. Xususan, uning asosiy hujjati – Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish kutilmoqda. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilab berilgan.
Kecha Sammit tadbirlari doirasida Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi, O‘zbekiston – Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Z.JONIBEKOV, G‘.HASANOV, O‘zA muxbirlari