Samarqand sportida yutuqlar ko‘p, ammo muammolar ham bor
Samarqand viloyatida bugungi kunda 24 ta olimpiya, 4 ta milliy, 35 ta noolimpiya sport federatsiyasi, milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi, 2 ta jismoniy tarbiya va sport jamiyati, 27 ta sport-ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur federatsiya va muassasalar tomonidan viloyatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, aholining sportga qamrovini oshirish, terma jamoalarga sportchilar yetkazib berish, sport inshootlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 2022 yilda aholining 22 foizi, 2023 yilda 26 foizi va joriy yilda 28 foizi ommaviy sportga qamrab olindi.
O‘tayotgan yil davomida viloyatimizda 5700 ga yaqin ommaviy sport tadbiri o‘tkazilib, 1 million 184 ming nafardan ziyod aholi jalb qilindi. Shuningdek, o‘nga yaqin xalqaro sport tadbiri o‘tkazildi, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 10-30 yosh toifasidagi 680 ming nafardan ortiq yoshlar ommaviy sport musobaqalarida qatnashdi. Ушбу ko‘rsatkichlarni 2025 yilda yanada oshirib, aholining ommaviy sportga qamrovini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
262 ming nafardan ziyod aholidan sport sinovlari olindi
Viloyatimizda joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida sport sinovlari olindi. Yil davomida 262 ming nafardan ziyod aholidan sport sinovlari qabul qilindi.
Sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan 376 nafar ishtirokchi “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, ular bir yil mobaynida sport to‘garaklariga qatnashishda ko‘plab imtiyozlarga ega bo‘ldi.
Yangi sport inshootlari va maydonchalar
2024 yil investitsiya dasturi hamda “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari asosida viloyatdagi 8 ta sport-ta’lim muassasasidagi sport inshootlarini mukammal ta’mirlash, yangidan barpo etish belgilangan edi. Hozirga qadar Ishtixon tumanidagi Qoraqo‘yli mahallasida sport maktabining zamonaviy sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda viloyat futbol akademiyasida sport zal, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 250 o‘rinli yotoqxona, oshxona va yangi sport zali, Narpay tumani sport maktabi hududida badiiy gimnastika zali, Qo‘shrabot tumani sport maktabida yakka kurash sport turlari bilan shug‘ullanish uchun “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari asosida yengil konstruksiyali sport zali qurilishi ishlari yakunlanmoqda.
Samarqand shahar 2-son sport muassasasining sport zali hamda stadionini rekonstrutsiya qilish uchun mahalliy byudjetdan 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. Zamonaviy moddiy-texnik va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazining qurilish ishlari esa davom etmoqda.
2022-2024 yillarda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalarining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan yoshlarning mahallasiga vazirlik tomonidan 115 ta sport maydonchasi qurib berildi.
Mamlakat terma jamoasining 10 foizini samarqandlik sportchilar tashkil qiladi
O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga viloyatimizdan 1421 nafar (asosiy tarkibga 949 nafar, zaxira tarkibga 472 nafar) sportchi kiritilgan. Bu milliy terma jamoaning qariyb 10 foizini tashkil qiladi. Yakuniga yetayotgan yilda sportchilarimiz O‘zbekiston chempionati va kubogida 307 ta oltin, 394 ta kumush, 449 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, jahon, Osiyo va xalqaro sport musobaqalarida 72 ta oltin, 70 ta kumush, 88 ta bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida 17 nafar sportchimiz o‘n sport turi bo‘yicha ishtirok etib, 2 ta oltin, 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Pastdarg‘omlik Diyora Keldiyorova dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan ilk o‘zbek ayol sportchisiga aylandi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida joriy mavsumda viloyatimiz yoshlari 9 ta oltin, 6 ta kumush va 12 ta bronza, jami bo‘lib 27 ta medallarni qo‘lga kiritdi.
Federatsiyalarning hammasi ham ijobiy natija qayd etmayapti
Viloyatdagi ayrim sport federatsiyalari va sport muassasalarida sport turlari bo‘yicha natijalar qoniqarli emas. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida voleybol va suzish sport turidan 3 nafardan, badminton sport turidan 1 nafar sportchi terma jamoaga qabul qilingan, xolos. Oqdaryodagi sport maktabidan 1 nafar, Toyloqdan 3 nafar, Bulung‘urdan 5 nafar sportchi yetkazib berilgan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘ondagi sport maktablaridan terma jamoaning asosiy tarkibiga sportchi qabul qilinmagan. Shuningdek, regbi, suvga sakrash, suv polosi federatsiyalari erishayotgan natijalar qoniqarsiz, penchak silat, kikboksing, shotakan karate, o‘zbek jang san’ati federatsiyalari O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchi yetkazib bermayapti.
[gallery-20900]
Albatta, sport federatsiyalari va sport maktablaridagi mavjud muammolarning asosiy sababi – shug‘ullanish uchun sport komplekslarining yetishmasligi, inshootlarning moddiy-texnik bazasidagi kamchiliklar. Tizimdagi ushbu muammolarni kelgusi yillarda manzilli dastur asosida bosqichma-bosqich hal etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2025 yilda yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo va paraosiyo o‘yinlariga 24 ta sport turi bo‘yicha 102 nafar nomzod sportchilarning munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun sharoit yaratish, 2026 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga viloyat sportchilarini tayyorlash, “Los-Anjeles-2028” olimpiadasiga litsenziyalar sonini oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, qarovsiz holatga kelib qolgan Bulung‘ur tumanidagi “Diyor”, Qo‘shrabotdagi “Mehnat”, Oqdaryodagi “Loyish”, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on” va “Polvontepa” o‘yingohlarini ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shuhrat RO‘ZIEV,
Samarqand viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA