Samarqand kishmishidan yapon olmasigacha
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasida joriy mavsumda 1 million tupdan ortiq tok va 320 mingga yaqin mevali daraxt ko‘chatlari tayyorlandi.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasida joriy mavsumda 1 million tupdan ortiq tok va 320 mingga yaqin mevali daraxt ko‘chatlari tayyorlandi.Ayni paytda ushbu ko‘chatlar yurtimizning turli hududlaridagi fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar bilan tuzilgan shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. Viloyatdagi dehqon bozorlari, aholi gavjum maskanlarda ham savdo yarmarkalari tashkil etilgan.
– Muassasamiz ilmiy xodim va bog‘bonlari 47 gektar maydonda ko‘chat yetishtiradi, – deydi mazkur institut Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi direktori Jamshid Ahmadjonov. – Boshqa ko‘chatchilik xo‘jaliklaridan farqli ravishda, bizda uzum va mevali daraxtlarning yangi va istiqbolli navlari yaratilib, bir necha bosqichli tajriba va sinovlardan so‘ng keng miqyosda ekish uchun ko‘paytirilmoqda. Xususan, keyingi yillargilos, olma, nok va shaftolining serhosil va ertapishar, eksportbop navlari yaratildi. “Samarqand”, “So‘g‘diyona”, “Malika”, “Motrudiy” kabi yangi uzum navlari asosida tokzorlar tashkil etildi. Ilmiy xodimlarimizning yaponiyalik hamkasblar bilan hamkorligi natijasida olmaning “Fudji”, shaftolining “Akatsuki” va “Giyese” navlari mahalliy sharoitga moslashtirildi. Hozirda tajriba xo‘jaligimizda ushbu nav daraxt ko‘chatlari ekilgan bog‘lar hosilga kirib, sinovlar muvaffaqiyatli o‘tdi. Yaponiya texnologiyasi asosida yaratilgan bir gektarlik intensiv tokzorda ham hosildorlik boshqa maydonlarga qaraganda yuqori bo‘lmoqda.
Bugungi kunda stansiyada intensiv bog‘lar uchun mevali daraxtlarning pakana va yarim pakana navlari ko‘chatlarini tayyorlash ham o‘zlashtirildi. Jumladan, shu paytgacha xorijdan keltirilgan daraxt ko‘chatlarining o‘ndan ziyod turi mahalliy sharoit, yer, suv, iqlim sharoitlari hisobga olingan holda yetishtirilmoqda. Birgina “MM-106” payvandtagli yarim pakana ko‘chatlar qishning sovug‘i va yozning jaziramasi, sizot suvlarining yuzaga ko‘tarilishi va boshqa tabiat sinovlariga chidamliligi bilan yurtimizning barcha hududlariga mos keldi. Shu bois, ayni paytda ushbu nav ko‘chatlari asosida intensiv bog‘lar yaratilmoqda.
– Intensiv bog‘ tashkil etish maqsadida bir necha fermer xo‘jaliklari tajribasini o‘rgandik, – deydi Jomboy tumanidagi “Sanjar Umar Bog‘lari” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Sayyora Rasulova. – Aksariyat fermerlar ko‘chatni ushbu ilmiy tajriba stansiyasidan olganlarini aytdi. Ularning tavsiyasi bilan biz ham shu yerga kelib, yarim pakana olma ko‘chatlari xarid qilyapmiz.
Ilmiy tajriba stansiyasi xodimlari bog‘dorchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarga ko‘chatlarning nav xususiyati, agrotexnikasi haqida ham tushuncha berib, ularga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.