Samarqand – dunyo shaxmati tarixdagi eng yirik olimpiada mezboni
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand yana dunyo e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi, ilm-fan va madaniyat markazi sanalgan shaharda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlandi.
Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida olimpiadaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Amfiteatr markazidagi ulkan monitorda Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasining tantanali yoqilish jarayoni aks etgan maxsus videorolik, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-shaxmat paralimpiyasining rasmiy videoroligi namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida olimpiada ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilab, ushbu nufuzli musobaqani O‘zbekistonda o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlagan Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) rahbariyati va boshqa hamkorlarga minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, tabrikda mazkur yirik sport anjumanlari dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, O‘zbekistonda shaxmatni yanada ommalashtirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shishi bilan ham ahamiyatli ekanligi alohida qayd etilgan.
Marosimda FIDE prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi, shaxmat bo‘yicha besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anand so‘zga chiqib, tadbirlarga yuqorida darajada ko‘rilgan tayyorgarlik uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va shu kunlarda davom etayotgan 3-shaxmat paralimpiyasining ilk bor bir vaqtda o‘tkazilayotganiga to‘xtalib, bu imkoniyati cheklangan shaxslar uchun jahon shaxmatining yetakchilari bilan bir maydonda jam bo‘lish, o‘zaro tajriba almashish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta’kidladi. FIDE yetakchisi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini rasman ochiq deb e’lon qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi va Xalqaro shaxmat federatsiyasi madhiyasi yangradi.
[gallery-31447]
Tadbirda musobaqa uchun qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
Tantanali marosimda o‘zbek san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Ta’kidlash lozimki, 1927-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan butunjahon shaxmat olimpiadasi tarixida Markaziy Osiyo ilk bor shaxmat olamining eng yirik jamoaviy turniriga mezbonlik qilmoqda. E’tiborlisi, Samarqand mezbonligidagi olimpiada ishtirokchilar va jamoalar soni bo‘yicha rekord o‘rnatmoqda. Musobaqada jami 397 ta jamoa ishtirok etadi, ya’ni erkaklar (open) guruhida 207 ta, ayollar guruhida esa 190 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib boradi. Shu tariqa 2024-yil Budapeshtda qayd etilgan 380 ta jamoalik rekord yangilanadi.
Olimpiadada 1970 nafar shaxmatchi, jumladan, 238 nafar grossmeyster ishtirok etmoqda. Murabbiylar va delegatsiya a’zolari bilan birga Samarqand musobaqa kunlarida 4 mingdan ortiq mehmonni qabul qiladi. Bellashuvlar 11 turdan iborat bo‘lib, 27-sentabrga qadar davom etadi.
10-sentabrda boshlanib, 18-sentabrda yakunlanadigan 3-shaxmat paralimpiyasida esa 41 jamoa ishtirok etmoqda. Bu ham parashaxmat olimpiadasi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Olimpiada bilan bir vaqtda, 19-28-sentabr kunlari Samarqandda 97-FIDE kongressi o‘tkaziladi. Unda 200 dan ortiq shaxmat federatsiyalari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Kongress doirasida FIDE prezidenti saylovi ham bo‘lib o‘tadi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘zbekistonlik Javohir Sindorov uchun yana bir muhim bosqich vazifasini o‘taydi. Olimpiada yakunlanganidan sakkiz hafta o‘tib, Javohir Sindorov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan “Jahon shaxmat toji” uchun bahsga kirishadi. E’tiborlisi, jahon chempionligi uchun to‘qnashuvdan avval har ikki shaxmatchi Samarqandda o‘z milliy terma jamoalari sharafini himoya qiladi: Sindorov – O‘zbekiston, Gukesh esa Hindiston jamoasi tarkibida dona suradi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 3-shaxmat paralimpiyasi va FIDE Kongressining bir vaqtning o‘zida Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning yirik xalqaro sport va intellektual tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish salohiyatini namoyon etadi. Bu musobaqalar O‘zbekiston shaxmatining bugungi salohiyatini namoyish etish bilan birga, mamlakatning yoshlar sportini rivojlantirish, inklyuziv sportni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro sport diplomatiyasini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini ham yangi bosqichga olib chiqadi.
G‘olib Hasanov, Muhammad Amin, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari