Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etiladi
Bu davlatimiz rahbarining shu yil 26-may kuni qabul qilingan “Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni xalqaro standartlarga muvofiq qoplash maqsadida qabul qilingan qaror bilan Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali Samarqand davlat universitetiga, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga qo‘shilishi belgilandi.

Samarqand davlat universiteti Urgut filiali esa Samarqand davlat pedagogika institutiga qo‘shib olingan holda mazkur filial bazasida institutning Urgut fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
– Viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, hududda muhandislik, axborot texnologiyalari, pedagogika va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashni yanada rivojlantirish mazkur qarorning asosiy maqsadi hisoblanadi, – deydi Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor Shahzoda Negmatova. – Aslida, ushbu qarorni keyingi o‘n yilda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida, xususan, Samarqand viloyatida bu borada olib borilayotgan ishlarning navbatdagi bosqichini belgilab bergan hujjat deyish mumkin. Chunki o‘n yil avval viloyatda bitta universitet, beshta institut, bitta filial faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugunga kelib oliy o‘quv yurtlari soni yigirmaga yaqinlashib qoldi. Yangi universitet va institutlar tashkil etildi, xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, bir nechta xususiy oliy o‘quv yurtlari ochildi. Bizning institutimiz ham dastlab Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti negizida tashkil etilib, o‘tgan yildan boshlab mustaqil oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Demoqchimanki, tizimdagi islohotlar davomida oliy ta’lim muassasalari faoliyati takomillashib, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga e’tibor oshib bormoqda. Davlatimiz rahbarining mazkur qarori ham ayni jihatdan juda ahamiyatlidir. Chunki endilikda maktablar bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi 50 foizga yetdi, ya’ni qabul kvotalarida deyarli muammo yo‘q. Bu borada oliy ta’lim muassasalariga ko‘plab vakolatlar berildi, ehtiyojdan kelib chiqib, qabul o‘rinlarini mustaqil belgilash mumkin. Endi asosiy masala bilimli mutaxassislar tayyorlashda. Shu jihatdan, Samarqand davlat universitetining Urgut filiali bizning institutimizga qo‘shilishi ushbu muassasada tayyorlanayotgan pedagog kadrlarning sohaning yetuk mutaxassislari bo‘lishiga e’tibor deyish mumkin. Sababi oliy ta’lim tizimidagi keyingi o‘zgarishlar natijasida Samarqand davlat universiteti o‘quv dasturlarida fundamental bilimlar berish asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoldi, pedagogika bo‘yicha fanlar keskin qisqardi. Bizning institut esa to‘liq pedagogik yo‘nalishda bo‘lib, asosiy e’tibor maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalar uchun bugungi kun talablariga mos kadrlar tayyorlashga qaratiladi. Endilikda institutimizning Urgut fakulteti o‘quv dasturlarini ham yangi o‘quv yiliga qadar qayta ko‘rib chiqib, to‘liq pedagogik yo‘nalishiga mos fanlarni kiritamiz.
Qarorda Samarqand davlat universiteti Urgut filialining pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti talabalari o‘qishini Samarqand davlat pedagogika instituti Urgut fakultetida, biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakulteti talabalari esa Samarqand davlat universitetida davom ettirishi belgilangan. Lekin biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetining 2025-2026 o‘quv yilida tahsil olayotgan talabalariga o‘qishini tugatgunga qadar Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti binosida ta’lim olish imkoniyati yaratilishi belgilangan.
Qarorning e’tiborli jihatlaridan yana biri oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oldiga 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda viloyatdagi oliy ta’lim tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan professor-o‘qituvchilar hamda doktorantlari xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga malaka oshirish, ilmiy stajirovkaga yuborilishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. 2027-2028 o‘quv yilidan boshlab esa Samarqand davlat texnika universitetida intellektual suv texnologiyalari ilg‘or muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etish belgilangan.
Bundan tashqari, hududdagi sanoat korxonalarining ehtiyojlariga muvofiq bosqichma-bosqich muhandislik va ishlab chiqarish texnologiyalari sohalari bo‘yicha yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
O‘z navbatida Samarqand viloyati hokimligiga oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda soha xususiyatidan kelib chiqib, Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat texnika universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda hududdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida sanoat hamkorligi o‘rnatilishiga ko‘maklashish vazifasi topshirildi. Bu orqali ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lga qo‘yiladi, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, talabalar va yosh olimlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash buyurtmalarini shakllantirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid hamkorlik loyihalari amalga oshiriladi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri