Samarqand – butunjahon hunarmandlar shahri
Samarqandda o‘tkazilgan “Silk Road Bazar” hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi doirasida shaharga Jahon hunarmandlar kengashi (World Crafts Council — WCC) tomonidan “Butunjahon hunarmandlar shahri” (World Craft City) maqomi berildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad Al-Qaddumiy, O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov, Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, bu maqom qadimiy Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi bo‘lgan Samarqand hunarmandchiligining bir necha ming yillik an’ana va qadriyatlari e’tirofi hamda bugungi hunarmandlar mehnatiga berilgan yuksak baho ekanligini ta’kidladilar.

– Bugungi kunda shahrimizda bir nechta hunarmandlar markazlari, barcha bozorlar va yirik savdo markazlarida hunarmandlar ustaxona va do‘konlari faoliyat olib bormoqda, – deydi Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov. – Bu mehnat turi asosan, avloddan-avlodga o‘tib, davom etib kelinmoqda. Shuningdek, shahrimizda ma’lum bir hunarmandlik turi rivojlangan mahallalar bugun ham mavjud va ayni paytda ularni shu ixtisoslik bo‘yicha yanada taraqqiy ettirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Samarqandga “Butunjahon hunarmandlar shahri” (World Craft City) maqomi berilishi endi uning dunyoviy shuhratini yanada oshirish, turizm salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.


Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi 2019-yilda Jahon hunarmandlar kengashi a’zoligiga qabul qilingan. Bu a’zolik yurtimiz hunarmandlarining xalqaro ko‘rgazmalar, tanlovlar va hamkorlik dasturlarida ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Kengash tomonidan 2019-yilda Qo‘qon shahri, 2022-yilda Buxoro va Marg‘ilon, 2025-yilda Rishton, Shahrixon va Shahrisabz shaharlariga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi berilgan. Samarqand yurtimizdan bu maqomga erishgan yettinchi shahar hisoblanadi. Umuman, ayni paytda dunyo bo‘yicha 83 ta shahar “Butunjahon hunarmandlar shahri” deb e’tirof etilgan.


“Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi turizm, investitsiya va mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri