Samarali xizmat uchun munosib sharoit
Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi neft mahsulotlarini kuzatish bataloni 1-otryadi (Oxunboboyev bekati)ning yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti boshlig‘i, general-mayor Bahodir Mirzarahimov, Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Muhiddin Jo‘rayev ishtirok etdi.
Vazir o‘rinbosari otryad shaxsiy tarkibi bilan muloqot o‘tkazib, har bir xodimni hushyor va sergak bo‘lishga, zimmasidagi vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, xizmat intizomiga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
Shundan so‘ng ramziy lenta qirqilib, binoda yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Aytish zarurki, binoda xodimlarning samarali xizmat olib borishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xonalarga zamonaviy mebel jihozlari, kompyuter texnologiyalari o‘rnatilgan. Oshxona, dam olish xonalari tashkil etilgan.
Vazir o‘rinbosari binodagi qulayliklarni ko‘zdan kechirib, yaratilgan bunday shart-sharoitlarga javoban sidqidildan xizmat qilish kerakligini ta’kidladi.
Vazir o‘rinbosari Qo‘qon shahrida joylashgan Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi hamda ushbu boshqarma tarkibidagi Marg‘ilon vokzalida xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmasida ham bo‘lib, xodimlarning xizmat jarayoni, binodagi imkoniyat va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
M. Sulaymonov, O‘zA