“Salomatlik sari” aksiyasi o‘tkazildi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida aholi salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan “Salomatlik sari” aksiyasi tashkil etildi.
Malakali shifokorlar Do‘stlik” hamda “Xalqlar do‘stligi” mahallalarida istiqomat qiluvchi 153 nafar xotin-qizni mukammalashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishdi. Tibbiy ko‘rik jarayonida ayollar salomatligiga alohida e’tibor qaratilib, zamonaviy ko‘chma tibbiy uskunalardan foydalanilgan holda kasalliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Aksiya ishtirokchilari bunday tadbirlar aholi salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi.
– Tibbiy ko‘rikda ishtirok etib, o‘z salomatligimizni bepul tekshirtirish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ayollar uchun zarur bo‘lgan tekshiruvlarning mahallaning o‘zida o‘tkazilgani barchamizga qulay bo‘ldi. Shifokorlar tomonidan kerakli maslahatlar berildi. Bunday xayrli tashabbusni amalga oshirgan tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman, – dedi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Roza Utepbergenova.
Ko‘rik natijasida 27 nafar fuqaroga statsionar davolanish uchun yo‘llanma berilgan bo‘lsa, 55 nafariga ambulator davolanish va salomatlikni tiklash bo‘yicha tavsiya taqdim etildi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalarga dori-darmon vositalari va tibbiy jihozlar tarqatilib, manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Mazkur aksiya aholi, ayniqsa xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etdi. Partiya tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida joylarda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash va sog‘lom jamiyat barpo etishga qaratilgan amaliy tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri