Salohiyatli kadrlar tayyorlash muhim vazifa
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilar ekan, aholi maktab, bog‘cha va shifoxonalar ko‘paytirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirish, mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolarini hal qilish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratishni, adolatni ta’minlash, ovoragarchilik, byurakratiya, korrupsiyani yo‘q qilishni kutayotganini ta’kidlagan edi.
Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash bugungi globallashuv davrida juda muhim masaladir. Oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga batamom barham berish, xalqaro standart talablariga mos kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini yanada oshirishga e’tibor qaratilmoqda.

– 2022 yil Navoiy davlat pedagogika instituti jamoasi uchun ulkan zafarlar va keng ko‘lamli yutuqlarga boy bo‘ldi, – deydi institut Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Xurshid Qurbonov. – Jumladan, Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting tashkiloti – Times Higher Education agentligining reyting natijalariga ko‘ra TOP-1000 ga kirish uchun davogar institutlar qatoridan joy oldik. Professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan 34 ta darslik, 82 ta o‘quv qo‘llanma, 36 ta monografiya, yuzdan ortiq uslubiy qo‘llanmalar nashr etildi. 3 ta fan doktori (DSc) va 41 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari himoya qilindi. O‘qituvchilarimizdan 2 nafari professor va 20 nafari dotsent ilmiy unvonini oldi. Shuningdek, talabalarimizdan bir nafari Prezident granti sohibi, bir nafari Prezident stipendiyasi g‘olibi, bir nafari Islom Karimov stipendiyasi, sakkiz nafari Alisher Navoiy nomli, bir nafari Sarimsoqov nomli stipendiyalar g‘olibi bo‘ldi.
Mazkur institutda 11 ta fakultet, 4 ta markaz, 22 ta bo‘lim, 26 ta kafedra faoliyat olib boradi. Kunduzgi bakalavriat ta’lim shaklida 28 ta, sirtqi ta’lim shaklida 14 ta, kechki ta’lim shaklida 9 ta va magistraturada 19 ta ta’lim yo‘nalishi mavjud.

– Talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va besh tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida “5 muhim tashabbus” to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularga 9000 nafardan ortiq talabalar qambar olingan, – deydi X.Qurbonov. – “Besh muhim tashabbus” olimpiadasining shaxmat musobaqasi respublika bosqichida 2 nafar talabamiz g‘olib bo‘ldi. “Zakovat” intellektual o‘yini, “Quvnoqlar va Zukkolar” ko‘rik-tanlovlari hamda sport musobaqalari bo‘yicha “Rektor kubogi” loyihasi tashkil etildi. Ijarada yashayotgan talabalarning 3845 nafariga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1 milliard 199,5 million so‘m to‘lab berildi. Shuningdek, ijtimoiy hayotda faol bo‘lgan 313 nafar talabaga 214 million 403,5 ming so‘m mukofot pullari, 152 nafar talabaga 116 million 577,6 ming so‘m, chin yetim talabalarga 127,2 million so‘m moddiy yordam, “Temir daftar”ga kiritilgan 3 nafar 1-kurs talabasiga 19 million 238 ming so‘mlik shartnoma pullari, nogironligi bo‘lgan 206 nafar talabaga 560 million 709 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Institutda 2023 yilda amalga oshiriladigan rejalar belgilangan. Jumladan, magistraturaning iqtidorli bitiruvchilarini tanlash va pedagogik faoliyatga bitiruvchilardan 70 nafarini jalb qilish orqali institutning professor-o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojini qoplash va tarkibini yoshartirish, fundamental va gumanitar fanlar sohasida yuqori malakali o‘qituvchi va ilmiy kadrlarni zamonaviy talablar darajasida tayyorlash rejalashtirilgan. Shuningdek, xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot natijalari nashr etilishi uchun sharoitlar yaratish, ilmiy pedagogik kadrlarni xorijda malakasini oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va RhD dasturlari bo‘yicha o‘qitish orqali xalqaro ilm-fan yutuqlarini institutda yanada kengroq joriy qilish, oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish ham muhim vazifalarimizdan sanaladi.

O‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish, xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta’limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish amaliyoti joriy etilgan. Shu bilan birga ta’limning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yo‘lga qo‘yish ham institut jamoasi oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA