Said Ahmad: Qatag‘on davridan "O‘zbekiston Qahramoni"gacha
Toshkent muzeyida ochilgan yangi ko‘rgazma adib Said Ahmadning suronli yillardagi hayoti, shaxsiy buyumlari va noyob arxiv hujjatlari orqali qatag‘on davrining achchiq haqiqatini ochib beradi.
Ko‘rgazmaning ochilish tadbirida Toshkent muzeyi mudiri Baxtiyor Xodjayev so‘zga chiqib, ekspozitsiyaning tarixiy va ma’naviy ahamiyati, unda namoyish etilayotgan noyob eksponatlar hamda Said Ahmadning hayoti va taqdirini aks ettiruvchi ashyolar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi katta ilmiy xodimi Mashhura Darmonova tomonidan qatag‘on davrining tarixiy jarayonlari, adib taqdirining ushbu davr bilan bog‘liq jihatlari va ko‘rgazmaga qo‘yilgan arxiv materiallarining ilmiy-tarixiy ahamiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Ma’lumki, 1950-yilda Said Ahmad Xusanxo‘jayev “millatchi” sifatida qamoqqa olingan. Shu davrda uning otasi Xusanxo‘ja Dadaxo‘jayev, amakisi Oqilxon Dadaxo‘jayev va akasi Imomxon Xusanxo‘jayev ham qatag‘on qilingan, adib esa 1951–1955-yillarda Qozog‘istondagi Jezqazg‘an lagerida saqlangan. Mazkur davrga oid ma’lumotlar ko‘rgazma orqali tarixiy manbalar va xotiralar asosida yoritib beriladi.
Tadbirda Said Ahmadning qizi Nodira Xusanxo‘jayeva otasining hayoti va ijodiy faoliyati, oilaviy xotiralari, insoniy fazilatlari, oilasiga munosabati hamda qatag‘on yillaridagi hayoti bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan adibga tegishli shaxsiy buyumlar, hayoti va ijodiga oid hujjatlar, oilaviy xotira materiallari, qatag‘on davriga oid tarixiy manbalar hamda qamoq yillariga oid noyob eksponatlar o‘rin olgan. Ushbu manbalar Said Ahmadning murakkab hayot yo‘li va ijodiy merosini, shuningdek, qatag‘on davrining tarixiy haqiqatlarini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyinchalik ozodlikka chiqqan Said Ahmadning hayoti ham siyosiy bosimlar ostida kechgan bo‘lsa-da, Mustaqillik yillarida uning milliy istiqlol yo‘lidagi xizmatlari munosib e’tirof etildi va adib 1999-yilda O‘zbekiston Qahramoni yuksak unvoniga sazovor bo‘ldi. Bugungi kunda uning boy ijodiy merosi va murakkab hayot yo‘li xalqimiz tarixiy xotirasining muhim qismi sifatida qadrlanadi.
“Suronli yillar xotirasi” ko‘rgazmasi 10-sentabrga qadar Toshkent muzeyida davom etadi. Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilarga Said Ahmadning hayoti va ijodi, qatag‘on yillaridagi taqdiri hamda ushbu davrga oid tarixiy manbalar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tfg7zGqyKnI" title="Toshkent muzeyida yozuvchi Said Ahmad ko'rgazmasi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mehrojiddin Umurzaqov, Oybek Davronov, O‘zA