Sahnada porlagan yosh iste’dodlar
Sahna bu nafaqat ijro, balki qalbning tili, ruhning tarjimonidir. Shu ma’noda yuksak ma’naviyat, ijodiy ruh uyg‘unligi hamda haqiqiy ijod maydoniga aylangan “Turon” teatr tanlovi ko‘plab yosh iste’dod sohiblarini va teatr jamoalarini kashf etmoqda.
“Turon” teatr tanlovining respublika bosqichi bu yil ham yuksak saviyada, haqiqiy san’at bayrami sifatida bo‘lib o‘tdi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, sport hamda ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu nufuzli tanlov yosh iste’dodlar uchun katta sahnalarga qo‘yilgan ilk qadam bo‘ldi. Tanlovda qatnashgan har bir jamoa o‘zining jamiyatdagi jarayonlarga qarashlari, munosabatlari, dilidagi tuyg‘ularini sahnada to‘laqonli va ishonarli namoyon etishga intildi.

Tanlovning yakuniy natijalari e’lon qilingan onlar esa juda hayajonli kechdi. “Zamin Creative” inklyuziv teatr studiyasi jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning mamlakat bosqichida Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchilar jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu maktab ijodiy jamoasining nafaqat yutug‘i, mehnati, izlanishi, intilishlari e’tirofi, samarasi, qolaversa, haqiqiy iqtidor va salohiyatning namoyishi bo‘ldi.
Maktab teatr jamoasi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Toxir Malikning “Alvido bolalik” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl orqali yosh ijodkorlar inson taqdiri, bolalik va hayotning og‘ir sinovlari haqidagi chuqur falsafani yurakdan his etib, tomoshabinlarga yetkazib bera oldi.

Sahnadagi har bir harakat, har bir nigoh, har bir so‘z – bu shunchaki ijro emas, balki qalbdan chiqqan nido edi. Obrazlar shu qadar tabiiy va ishonarli ifodalandiki, go‘yoki tomoshabinlar sahnada emas, hayotning o‘zidagi voqealarga guvoh bo‘layotgandek his qildilar.
Hakamlar hay’ati tomonidan ham jamoaning sahna madaniyati, aktyorlik mahorati va asar mohiyatini chuqur anglab yetgan holda namoyon eta olganini alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, jamoaviy uyg‘unlik, yakdillik va jipslik ularning chiqishida yaqqol sezilib turdi.

Ushbu yutuq nafaqat ta’lim muassasasining, balki butun andijonlik ijodkor yoshlarning yutug‘idir. Zero, bunday yutuqlar yoshlarimizni ruhlantirish bilan birga, yosh avlodning, millatning ma’naviy yuksalishida muhim o‘rin tutadi.
Sardor Sirojiddin,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘zA.