Sahnada maktab ansambllari
Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatri sahnasi bu gal nafaqat musiqa, balki yosh qalblar orzu-umidlarining jonli sadolariga to‘ldi. Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Iqtidor” maktab ansambllari tanlovining viloyat bosqichi chin ma’noda san’at bayramiga aylandi.
Mazkur tanlov viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlari, “Kelajak” markazlari, musiqa va san’at maktablari hamkorligida tashkil etildi. Uning bosh maqsadi yosh avlod qalbidagi ijodiy uchqunni alangalatish, ularni san’at olamiga oshno etish, yashirin iqtidorlarni kashf qilishdir.
Raqamlar jarayonning ko‘lami va ta’sirini yaqqol ko‘rsatadi. Viloyatdagi 567 ta maktabdan 405 ta jamoaning ro‘yxatdan o‘tgani tanlovga qiziqish yuqori ekanidan dalolat beradi. Tuman va shahar bosqichlarida Arnasoydan Zomingacha, G‘allaoroldan Paxtakorgacha bo‘lgan hududlarda minglab o‘quvchilar sahnaga chiqib, o‘z iqtidorini namoyon etdi. Jami 380 ta jamoada 2479 nafar o‘quvchining ishtirok etgani loyihaning keng qamrovini yanada oydinlashtiradi.
Katta sahnada yangragan har bir kuy, ijro etilgan har bir qo‘shiq ortida yosh ijrochilarning mehnati, izlanishi va san’atga bo‘lgan beqiyos muhabbati mujassam edi.
Tanlov ishtirokchilari uchun “Iqtidor” nafaqat bellashuv, balki o‘zini anglash va salohiyatini namoyon etish maydoni bo‘lib xizmat qildi. U orqali yoshlar san’atning jozibali olamiga qadam qo‘yib, milliy qadriyatlar ruhida kamol topayotganini teran his etdilar.
[gallery-29272]
Yakuniy bosqichda hakamlar hay’ati chiqishlarni xolisona baholab, munosiblarni saraladi. Unga ko‘ra, Zomin tumanidan qatnashgan “Sumbula” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin G‘allaorol tumanining “Yosh sozandalar”, uchinchi o‘rin esa Zarbdor tumanining “Afsona” jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va ishtirokchilarga diplomlar, esdalik sovg‘alari hamda respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmalari tantanali ravishda topshirildi. Bu e’tiroflar yoshlar uchun yangi marralar sari ilhom bag‘ishlovchi muhim qadam bo‘ldi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA