Sahna yosh iqtidorlar bilan jonlandi
Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida “Iqtidor” maktab ansambilari tanlovining Sirdaryo viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Darhaqiqat, bu tanlov shunchaki musobaqa emas. U yoshlarning ichki olami, ularning musiqa va san’atga bo‘lgan munosabatini ko‘zgu kabi aks ettiradigan maydon vazifasini o‘tadi. Viloyat bosqichigacha yetib kelgan 11 ta jamoa bu yerga tasodifan emas, balki izchil mehnat, mashq va ustozlar maktabi orqali yetib kelgani sahnada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tanlovning tantanali ochilish marosimida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti Maqom cholg‘u ijrochiligi kafedrasi professori Shomahmud Shorahmedov, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Kelajak” markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i Avaz Mamatov, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
[gallery-29288]
Maktab o‘quvchilaridan tashkil topgan yosh havaskor jamoalar barcha bosqichlarda musiqa asarlarini o‘zbek milliy cholg‘ularida jonli ijro etishdi. Tanlov nizomiga ko‘ra, tuman-shahar bosqichida bitta asar, hududiy bosqichda ikkita asar va respublika bosqichida uchta asar ijro etilishi belgilangan.
Ayniqsa, maqom, xalq kuylari va zamonaviy milliy ohanglar uyg‘unligida tayyorlangan chiqishlar hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Ishtirokchilarning sahna madaniyati, ijro mahorati, milliy cholg‘ulardan foydalanish ko‘nikmasi va jamoaviy uyg‘unligi asosiy mezonlar sifatida e’tibor markazida bo‘ldi.
Yakunda esa eng kuchli jamoalar aniqlandi. Sayxunobod tumani 16-umumta’lim maktabining “Qaldirg‘och” jamoasi mutloq g‘olib sifatida respublika bosqichiga yo‘l oldi. Shirin shahri 1-umumta’lim maktabining “Nola” jamoasi ikkinchi, Sirdaryo tumani 41-umumta’lim maktabining “Yosh iste’dodlar” jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblarni taqdirlash jarayonida Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva hamda “Kelajak” markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i ishtirok etdilar. Ular tanlov ishtirokchilarini yana bir bor tabriklab, diplom va esdalik sovg‘alari topshirdilar.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA