Sharafli vazifaga tayyorlanadigan kadrlar tarbiyasida ustozning o‘rni beqiyos
Har bir yutuqning ortida munosib mehnat bo‘lganidek, uning ro‘yobga chiqishiga turtki beruvchi ustoz bo‘ladi.
Ayniqsa, Vatan mudofaasi uchun mas’uliyatni zimmasiga oladigan, el-yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashdek sharafli vazifaga tayyorlanadigan kadrlar tarbiyasida ustozning o‘rni beqiyos.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbir ana shu haqiqatni yana bir bor namoyon etdi. Tadbirda Mudofaa vazirligi faxriylari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, kursantlar va askarlar ishtirok etdi.
Tantana avvalida universitet rahbarining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Farhodjon Shermatov so‘zga chiqib, harbiy kadrlarni tayyorlash, ularning kasbiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan professor-o‘qituvchilar, murabbiylar, faxriylar hamda universitet jamoasini samimiy muborakbod etdi.
Zero, bugun harbiy ta’lim oldiga qo‘yilayotgan talablar kechagidan tubdan farq qiladi. Zamonaviy armiya uchun nafaqat chuqur bilimli, balki mustaqil fikrlaydigan, tezkor qaror qabul qiladigan, raqamli texnologiyalarni egallagan, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ofitserlar zarur.

Bunday kadrni esa, avvalo, zamon bilan hamnafas ustoz tarbiyalaydi. Yangi O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajriba, innovatsion pedagogik yondashuvlar va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Harbiy ta’lim tizimidagi yangilanishlar ham ana shu jarayonning uzviy qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tantanali tadbirda harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini yuksaltirish borasida erishilgan natijalar qayd etildi. Ta’lim va ilm-fan sohasida samarali amaliyotlarni joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy harbiy ta’lim tizimiga tatbiq etish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Ayni jarayonlarda ustozning vazifasi ham o‘zgarmoqda. U endi faqat bilim beruvchi emas, balki kursantni mustaqil fikrlashga, bilimni amaliyot bilan bog‘lashga, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga yo‘naltiruvchi murabbiydir.
Bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘iga asosan bir guruh harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari hamda professor-o‘qituvchilar harbiy ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun “Namunali xizmatlari uchun” va “Malakali ustoz” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ayni paytda universitetning bakalavr, magistratura hamda doktorantura bosqichlarida xorijlik kursant, tinglovchi va doktorantlar tahsil olmoqdalar. Bayram arafasida Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi va Tojikiston Respublikasi vaziri nomidan universitetning bir guruh o‘qituvchi va murabbiylari e’tirof etilib, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA