Eron: Raqobatchi OAVga intervyu – qamoq...
Eron parlamenti mamlakat razvedka vazirligi tomonidan “dushman” deb topilgan xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan intervyu yoki muhokamada qatnashish jinoyat sifatida belgilanishi ko‘zda tutilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjatni 174 deputat qo‘llab-quvvatlagan, olti nafar noib rad etgan.
Loyihaning 22-moddasiga ko‘ra, Islom Respublikasi fuqarosi dushman sifatida e’tirof etilgan xorijiy nashrga intervyu bersa yoki shunday OAV vakili bilan muhokamada ishtirok etsa, olti oydan ikki yilgacha qamalishi, jarima to‘lashi, 31-74 darra jazosiga tortilishi yoki ayrim ijtimoiy huquqdan mahrum qilinishi mumkin. “Dushman davlatlar” ro‘yxati ikki toifaga ajratiladi: birinchi toifaga Eron qonuni yoki Milliy xavfsizlik oliy kengashi qarori bilan dushman etib belgilangan mamlakatlar, ikkinchi toifaga esa Tehronning siyosiy, mudofaa, xavfsizlik, iqtisodiy, ijtimoiy yoki madaniy manfaatiga zarar yetkazishga qaratilgan harakatni amalga oshirgan davlatlar kiritiladi. Ikkinchi toifa ro‘yxatini Razvedka vazirligi va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi razvedka tashkiloti shakllantiradi.
Mazkur tashabbus Prezident Mas’ud Pezeshkiyon hukumati qarshiligiga qaramay, parlamentdan o‘tdi. Hukumat hujjat ilmiy faoliyatga to‘siq bo‘lishi, malakali kadrlar xorijga chiqib ketishi jarayonini kuchaytirishi va fuqarolik huquqiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Hali qonun kuchga kirgani yo‘q. Parlament qolgan moddalarni ko‘rib chiqqach, hujjat Konstitutsiya va shariatga muvofiqlikni tekshiruvchi Qo‘riqchilar kengashiga yuboriladi. Kengash e’tiroz bildirsa, parlament esa o‘z fikrida qolsa, yakuniy qarorni Manfaatni muvofiqlashtirish kengashi qabul qiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA