Ruslan Sa’dullayev Osiyo chempioniga aylandi
Hon Kongda yengil atletika bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati davom etmoqda. Musobaqaning navbatdagi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi vakillari uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda.
Osiyo chempionatining yigitlar o‘rtasidagi nayza uloqtirish bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Ruslan Sa’dullayev barcha urinishlarini muvaffaqiyatli bajardi.
Hamyurtimiz har bir chiqishida natijasini yaxshilab bordi va to‘rtinchi urinishdan so‘ng 75,01 metr natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, Ruslan Sa’dullayev mamlakatimiz delegatsiyasiga musobaqadagi dastlabki oltin medalni taqdim etdi.
Ertalabki dasturda yana bir atletimiz Sadafbonu Nusratilloyeva 5000 metrga yugurish finalida qatnashdi va 18 daqiqa 08.17 soniyada marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi. Shu bilan Sadafbonu Nusratilloyeva chempionatdagi ikkinchi bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, ayni damda termamiz hisobidagi medallar soni 1 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronzani tashkil etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA