Ruminiyada yong‘inlardan jabrlanishlar ortib bormoqda
Ruminiyaning Ployeshti shahridagi shifoxonaning yuqumli kasalliklar bo‘limida yong‘in sodir bo‘lib, 2 nafar bemor hayotdan ko‘z yumdi. U yerda 21 nafar bemor davolanayotgandi.
Bu Ruminiyada so‘nggi bir yil ichida shifoxonada sodir bo‘lgan to‘rtinchi yong‘in.
Kasalxona direktorining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili ta’mirlash ishlari olib borilib, elektr va kislorod ta’minoti tizimi tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil noyabr oyida Ruminiya shimolidagi Piatra Neams shahrida COVID-19 shifoxonasi reanimatsiya bo‘limida yong‘in chiqishi oqibatida 10 kishi halok bo‘lgandi. Shu yil yanvar oyida Buxarestdagi Matei Bals kasalxonasida yong‘in chiqib, 5 kishi qurbon bo‘ldi. 1 oktyabr kuni Konstansa port shahridagi COVID-19 kasalxonasidagi yong‘inda yetti kishi vafot etdi.
Konstansadagi yong‘indan so‘ng prezident Klaus Iohannis Ruminiya “o‘z fuqarolarini himoya qilish bo‘yicha asosiy vazifalarini bajara olmayapti”, — degan edi.