Ruminiya elchisi talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi
Ruminiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu poytaxtimizdagi Vebster universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda elchi talabalarga O‘zbekiston va Ruminiya munosabati, rivojlanish istiqboli haqida ma’lumot berdi. Tadbir davomida so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabat ijobiy dinamikasi kuzatilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunga asosiy omil sifatida o‘tkazilgan bir qator muhim tadbirlar ko‘rsatildi.

Shuningdek, avtomobil transporti bo‘yicha qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi kabi qator anjumanlar sanab o‘tildi. Elchi O‘zbekistonga qilingan qator muhim tashriflarni ham tilga oldi. O‘z o‘rnida qayd etish kerak, O‘zbekiston delegatsiyalarining Ruminiyaga tashriflari ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Daniel Kristian Chobanu muloqot chog‘ida xalq diplomatiyasi doirasidagi ijodiy yondashuvning muhimligini ham ta’kidladi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan hozirgi islohotlar Ruminiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochayotgani qayd etildi. Shuningdek, elchi Ruminiya O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA