«Roza Xutor»: tarixga nazar, stressga qarshi terapiya
Ob-havo biroz bulutli bo‘lishiga qaramay, jurnalistlar uchun «Roza Xutor» tog‘-chang‘i dam olish maskaniga uyushtirilgan press-turning uchinchi kuni qiziq voqealar va yorqin taassurotlarga boy bo‘ldi.
Dastlab jurnalistlar professional avariya-qutqaruv bo‘limi boshlig‘iKonstantin Tyabin bilan suhbatlashdi. U 2009 yildan buyon mazkur dam olish maskanida faoliyat yuritadi va o‘z atrofida chinakama malakali mutaxassislarni to‘plagan. Tog‘ patruli nafaqat qutqaruvchilarni, balki chang‘i patruli, trassalar xizmati hamda tez yordam brigadasini ham o‘z ichiga oladi. Javobgarlik hududi kadastrli, kurort zonasi. Bu xizmat xodimlari har ikki yilda bir marta FVV Komissiyasining qayta attestatsiyasidan o‘tadi hamda qutqaruvchi-uslubchilar tomonidan o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlarda qatnashadi. Qishda ular ish bilan mashg‘ul bo‘lsa, yozda o‘quv-taktik mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.
Shundan so‘ng jurnalistlar qor tozalovchi mashinalar operatorlari xizmati bilan tanishish uchun keyingi ob’ektga tashrif buyurib, bo‘lim rahbari Aleksandr Moroz bilan suhbatlashdi. Bu xizmat sun’iy qor hosil qilish xizmati bilan hamkorlikda ishlaydi. Xususan, operatorlarning ishi sun’iy qor hosil qilish ishlari yakunlanganidan so‘ng boshlanadi, chunki muhim vazifalardan biri tabiiy qor yo‘llarini yasama qorlar bilan bir xil tekislashdan iborat. Qish mavsumida ish qizg‘in bo‘ladi, yozda xizmatning barcha texnikalari texnik reglamentga o‘tadi. Bu yerda qishda jami 52 (yozda 21 ta) nafar operator va 11 nafar ombor xodimi mehnat qiladi. Xodimlarning 90 foizi bu yerda 10 mavsumdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Xizmat ishi kechki payt, har bir operatorga ish uchastkalari belgilab berilib, maxsus texnikalar taqsimlanganda boshlanadi. Operatorlarning vazifasi – yo‘l qoplamasini shakllantirish va yo‘nalishlarni rejalashtirish. Bu ishlarni ertalab soat 7 gacha bajarib ulgurish kerak. Har mavsumdan oldin dam olishga mehmonlarni jalb qilish maqsadida Ratraklar (maxsus qor mashinalari) shousi uyushtiriladi. Darvoqe, «Roza Xutor» dam olish maskanining barcha xodimlari bo‘sh vaqtlarida chang‘i va bordlarda uchadi.
[gallery-15047]
Tog‘larda sport bilan dam olish hamda OAV vakillari uchun press-tur tashkil etilganini hisobga olib, 1951 yilda Fransiyada Chang‘i uchuvchi jurnalistlar xalqaro klubi tashkil etilganini qayd etish lozim. O‘shandan buyon dunyoning 34 ta mamlakati ushbu klub a’zosi bo‘ldi, har yili klub a’zolarining uchrashuvlari, turli musobaqalar o‘tkaziladi. Press-tur ishtirokchilari orasida bu klubning qozog‘istonlik vakillari ham bor edi. Ular 2024 yilda Olma-ota shahrida bo‘lib o‘tadigan mazkur klubning navbatdagi uchrashuviga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, ular sportning qishki turlari bo‘yicha havaskor jurnalistlar uchun O‘zbekistonda ham ana shunday klub tashkil qilish va mazkur klubga a’zo bo‘lishni taklif etishdi.
Press-tur «Pacha mama» Alpak bog‘ida davom etdi. Pacha mama – Peru mifologiyasidagi sanamlardan biri, yer va hosildorlik homiysi. Ba’zi afsonalarga ko‘ra, u insoniyatning ajdodidir. Uning ramzi – chakana deb ataluvchi inka xochining yuqori qismi.
Bog‘ shu yilning avgust oyida o‘z faoliyatini boshladi. Kavkaz tog‘lari orasidagi shinamgina fermada ajoyib alpakalar, yoqimtoy quyonchalar va qo‘ylarga ko‘zingiz tushadi. Bog‘ xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu bog‘ an’anaviy hayvonot bog‘laridan mutlaqo farq qiladi. Bu yerda hayvonlarni silash, ovqatlantirish, quyonchalarni hatto qo‘lga olish ham mumkin. Yoqimtoy tumshuqchali momiqqina jonivorni qo‘lga olishning hissi baribir o‘zgacha. «Pacha Mama» bog‘i bo‘ylab sayohat qilishni stressga qarshi terapiya deb atash mumkin. Jonivorlar bilan muloqot qilish inson hissiyotlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi allaqachon isbotlangan. Bolalar uchun esa, bu nihoyatda muhim.
Navbatdagi tashrif maskani Roza xiyobonidan uncha uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan “Madaniyatlar chorrahasi” shiori ostidagi Arxeologiya muzeyi bo‘ldi. Muzeyga tog‘-chang‘i dam olish maskanining beshta eng katta ko‘priklaridan biri bo‘lgan Romanov ko‘prigi orqali o‘tiladi. Ko‘prik nomi 1864 yilda Kbaade tog‘ qishlog‘ida Kavkaz urushi tugaganini e’lon qilgan buyuk knyaz Mixail Nikolayevich Romanov sharafiga qo‘yilgan. Muzey haqida gapiradigan bo‘lsak, u «Roza Xutor» hududi, Mzimta daryo havzasi tarixi va Tosh asridan to hozirgi kungacha bo‘lgan davr haqida hikoya qiladi.
Muzeyda dam olish maskanining Olimpiya qishloqchasi qurilishi paytida topilgan eksponatlar: qurollar, turli davrlarga oid uy-ro‘zg‘or buyumlari, artefaktlarning har xil nusxalari namoyishga qo‘yilgan. Ularning ayrimlarini yangi va 3D modellashtirish texnologiyalari yordamida asl ko‘rinishida ko‘rish ham mumkin. Interfaol komplekslar tosh asriga oid hayvonlar, o‘rta asrlardagi Kavkaz qishloqchasining hayoti va boshqa ko‘plab qiziqarli hodisalar haqida ma’lumot beradi.
Bu yerdan Krasnodar o‘lkasidagi Qora dengiz sohilining eng katta va eng sersuv Mzimta daryosi oqib o‘tadi. Daryo Kavkaz tizmasining janubiy yon bag‘rida Loyub tog‘i hududida 2980 metr balandlikdan boshlanadi. Odatda daryolar qo‘llarga quyiladi, Mzimta daryosi esa, shiddatli oqimini undan oladi. Bu yerda yashagan qadimgi qabilalar tillaridan o‘zlashtirilgan Mzimta so‘zi “shiddatli suv” degan ma’noni bildiradi va bu nom juda to‘g‘ri berilgan, chunki bu ko‘pikli suvlarni tik qoyali qirg‘oqlar orasidan shiddat va shovqin bilan ko‘chirib yuradigan bo‘ronli daryodir.
Dam olish maskani «Roza Xutor» deb nomlanishining tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1886 yilda Estoniyadan 30 dan ortiq oilalar yaxshi joy izlab Krasnaya Polyanaga ko‘chib kelgan. Ular alohida qishloqqa asos soladi va u hozirgi kunda Estosadok deb ataladi. Adul Rooza ismli estoniyalik ko‘chmanchilardan biri chekka qo‘rg‘onchaga borib joylashadi va odamlar unga Rooza qo‘rg‘onchasi deb nom beradi. Afsuski, qo‘rg‘oncha bizgacha saqlanib qolmagan, biroq uning nomi biroz o‘zgargan holda hozirgi kungacha yetib kelgan. Bugungi kunda Aibga etagidagi yassi tog‘ va «Roza Xutor» dam olish maskani shunday ataladi.
Alpomish Mashrabxonov, O‘zA.
Rossiya, Sochi shahri